Samarqanddagi kafeda janjallashgan shaxslarning uch nafari bir-birlariga da’volari yo‘qligiga qaramay, 3 sutkaga qamaldi, yana biri jarimaga tortildi. Bu haqda IIV Tergov departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 27-fevral kuni soat 23:00 larda Panjikent ko‘chasida joylashgan oilaviy ovqatlanish oshxonasidan 26 yoshli Shaxrom A. tanishi Baxtiyor B. bilan mast holda tashqariga chiqib, baland ovozda turli haqoratli so‘zlar bilan gaplashib, ushbu oshxonaga tug‘ilgan kunini o‘tkazish uchun kelgan 47 yoshli Baxodir K. tomonga qarab baqirgan va tanbeh bergani yoqmaganligi oqibatida uning yoqasidan ushlaganlarida Baxodir K.ning o‘g‘li 20 yoshli Asadbek A., hamda jiyani 27 yoshli Damir K. kelib ularni ajratib, mast holdagi Shaxrom A. Baxtiyor B. bilan janjallashib ketgan.
Ushbu janjalni ko‘rgan fuqarolar ularni ajratib, yarashtirib uylariga ketkazib yuborgan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida yuqorida ko‘rsatilgan fuqarolar bir-birlariga da’vosi yo‘qligini, ariza yozishdan bosh tortishlarini va sud tibbiy ekspertizadan o‘tmasliklarini bildirgan.
Lekin ushbu fuqarolar jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan jamoat tartibini buzgani yuzasidan hudud profilaktika inspektori tomonidan tegishli tartibda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi 1-qismi (mayda bezorilik) bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga taqdim qilingan.
Sud qaroriga ko‘ra, Shaxrom A., Baxtiyor B., Damir K., Asadbek A.ga nisbatan 3 sutka ma’muriy qamoq va Baxtiyor B.,ga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari, ya’ni 735 000 so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.