Janubiy Koreya O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat barqarorlashganini inobatga olib, uni koronavirus bo‘yicha qizil hududdagi davlatlar ro‘yxatidan chiqardi.

Foto: istock

Tashqi migratsiya agentligi matbuot xizmatining xabar berishicha, endilikda shartnomasi mavjud hamda viza tasdiqnomalarining amal qilish muddati tugamagan fuqarolarni Janubiy Koreyaga tashkiliy tarzda jo‘natish bo‘yicha mazkur davlatning tegishli idoralari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

“Bugungi kunda fuqarolarni tashkiliy tarzda jo‘natishning aniq sanalari noma’lumligi sababli shartnomasi kelgan va viza tasdiqnomalari mavjud fuqarolarning Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga taqdim qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlarni tayyorlab qo‘yishlari tavsiya qilinadi”, — deyiladi xabarda.

Janubiy Koreyaga fuqarolarni tashkiliy tarzda jo‘natish bo‘yicha yangilik bo‘lgan taqdirda, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining rasmiy sahifalari orqali e’lon qilib borilishi bildirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot kotibi Ortiqxo‘ja Norov pandemiya bilan bog‘liq O‘zbekistondagi vaziyat koreyaliklar tomonidan muntazam kuzatib borilayotganini aytgandi.