AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning kuyovi va maslahatchisi Jared Kushner o‘z o‘rinbosari Avi Berkovits bilan birgalikda tinchlik uchun Nobel mukofotini olish uchun nomzodlar qatoriga kirdi. Bu haqda Reuters xabar qilgan.
Kushnerning nomzodlar qatoriga kirishiga Isroil hamda arab davlatlari o‘rtasidagi “Ibrohim kelishuvlari”ni imzolashda ishtirok etgani sabab bo‘lgan.
Sobiq prezidentning kuyovini mazkur yo‘nalishda mukofot uchun nomzodlikka yurist Alan Dershovits ko‘rsatgan, u Trampni birinchi impichment vaqtida himoya qilgandi. Dershovits mukofot uchun nomzodlar ko‘rsatish vakolatiga ega, sababi u Harvard universitetining professori hisoblanadi.
Agentlikning yozishicha, Dershovits Nobel mukofoti kengashiga yozgan xatida o‘zi ilgari surayotgan nomzod masalasi biroz bahsli ekanini tan olgan.
2020-yil 15-sentabrda Isroil, Birlashgan Arab Amirliklari hamda Bahrayn Oq uyda o‘zaro kelishuv imzolagan. Bitimlarga ko‘ra Abu-Dabi va Manama Isroil davlatini tan olgan, mamlakat hukumatlari Iordan daryosining g‘arbiy sohilidagi Isroil aholi maskanlarining suverenitetiga da’vo qilmaslikka kelishgan. Qo‘shma bayonotda ushbu harakatlar Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha keyingi bosqich uchun shart-sharoit yaratish qayd etilgan.
2020-yil 23-oktabrda Isroil Sudan bilan munosabatlarni me’yorlashtirib olgandi. 10-dekabrda esa Marokash bilan kelishuv imzolangan. Ikkala holatda ham AQSh davlatlar o‘rtasida vositachilikni amalga oshirgan. O‘z navbatida Falastin hukumati Isroil va Sudan o‘rtasidagi kelishuvni “orqadan zarba” deb atagan.
Mavzuga doir: Netanyaxu va BAA valiahd shahzodasi Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod sifatida ko‘rsatildi