O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-fevral kuni Afg‘oniston delegatsiyasi – mamlakat tashqi ishlar vaziri Muhammad Hanif Atmar va prezident administratsiyasi rahbari Muhammad Shokir Korgarni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda ko‘p qirrali O‘zbekiston–Afg‘oniston hamkorligini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbari ikki tomonlama munosabatlarning bugungi sur’atini saqlab qolish va avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhim ekanini alohida ta’kidladi.
Ta’kidlanishicha, bu borada so‘z yuritilganda, avvalo, tovar ayirboshlash hajmini oshirish va uni yaqin yillarda kamida 2 milliard dollarga yetkazish uchun qulay sharoitlar yaratish, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va logistika sohalarida kooperatsiyani kuchaytirish, sog‘liqni saqlash, ta’lim va madaniyat sohalarida muhim dasturlarni amalga oshirishni qayd etish lozim.
Afg‘oniston delegatsiyasi a’zolari O‘zbekiston Prezidentiga ko‘rsatilgan samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘anining salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Shuningdek, O‘zbekistonning Afg‘onistonda tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan qat’iy sa’y-harakatlari uchun chuqur minnatdorlik bildirildi.
Ma’lum qilinishicha, 2-fevral kuni Toshkent shahrida xalqaro moliyaviy institutlar rahbarlari ishtirokida o‘tgan Transafg‘on temiryo‘lini qurish loyihasi bo‘yicha uch tomonlama ishchi guruh birinchi yig‘ilishining samarali yakunlari yuksak baholangan.
Uchrashuvda tomonlar ushbu loyihani tez fursatda tayyorlash va amalga oshirishni boshlash, qabul qilingan “yo‘l xarita”si asosida xorijiy hamkorlar va salohiyatli investorlarni faol jalb qilish muhim ekanini ta’kidladi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni delegatsiyasini qabul qilgani, Sodiq Safoyev Afg‘oniston—O‘zbekiston munosabatlari qanchalik muhim ekanligini tushuntirgani hamda O‘zbekiston Hirotdagi Alisher Navoiy maqbarasini ta’mirlashda Afg‘oniston bilan hamkorlik qilishi haqida xabar berilgandi.