Daryo

Rossiyada koronavirusga qarshi ommaviy emlash 18-yanvardan boshlanadi

Shu munosabat bilan Putin hukumat vakillaridan kelasi haftadan boshlab ommaviy emlashni boshlash va ushbu ish uchun tegishli jadval tuzishni so‘radi

2 daqiqa o‘qish26 950 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: TASS

Rossiya 18-yanvardan boshlab aholini ommaviy emlashga o‘tishi uchun hamma narsa tayyor. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikovaga tayanib “Interfaks” ma’lum qildi.

Foto: TASS

“Biz kelgusi haftaning dushanba kunidan boshlab yanvar–fevral oylarida aholini keng ko‘lamli emlashdan ommaviy ravishda emlashga o‘tish va shu kabilar bo‘yicha ko‘rsatmalaringizni bajarishga tayyormiz”, – dedi Golikova 13-yanvar kuni Rossiya prezidentining hukumat a’zolari bilan uchrashuvida.

Uchrashuvda Putin ham Rossiya koronavirusga qarshi keng ko‘lamli emlashdan ommaviy vaksinatsiyaga o‘tish zarurligini ta’kidlab o‘tdi.

“O‘tgan hafta Mixail Vladimirovich (Mishustin) menga bu sanoat rivojlanib, nafaqat va’da qilingan barcha standartlar va hajmlarni bajardi, balki vaksina ishlab chiqarish rejadagidan oshib ketdi, deb hisobot berdi. Biz keng ko‘lamli emlashdan ommaviy vaksinatsiyaga o‘tishimiz kerak”, – dedi Putin.

Davlat rahbari Rossiya hukumati a’zolaridan buni yodda tutishni va tegishli infratuzilmani tayyorlashni so‘radi.

“Xudoga shukur, bizning vaksinamiz tashuv paytida minus 50, minus 70 daraja kabi favqulodda holatlarni talab qilmaydi. Bizda hammasi juda oddiy va samaraliroq”, – dedi Putin.

Shu munosabat bilan Putin kelasi haftadan boshlab ommaviy emlashni boshlashni va ushbu ish uchun tegishli jadval tuzishni so‘radi.

Golikovaning ma’lum qilinishicha, 11–14-yanvar kunlari Rossiya hududlariga qo‘shimcha 600 ming doza vaksina yetkazib beriladi, ularni ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish va subyektlarga yetkazish ishlari ketmoqda.

Uning ta’kidlashicha, ta’til kunlariga qaramay, aholini koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilgan tarzda davom etdi va davom etmoqda.

Avvalroq JSST koronavirusga qarshi vaksinatsiya 30 dan ortiq mamlakatda boshlangani haqida ma’lumot bergandi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya aholisini “Sputnik V” vaksinasi bilan emlaydi. Ma’lumot uchun, “Sputnik V” koronavirusga qarshi birinchi rus vaksinasi 11-avgustda ro‘yxatdan o‘tkazildi. Hozirgi vaqtda Rossiyada fuqarolarni emlash bilan parallel ravishda vaksinani o‘rganish davom etmoqda. “Interfaks” ma’lumotlariga ko‘ra, 50 dan ortiq mamlakatdan 1,2 milliarddan ortiq dozada Rossiya vaksinasini sotib olish uchun arizalar kelib tushgan. Xususan, 29-dekabr kuni Argentina o‘z aholisini koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinasi bilan emlashni boshladi.

Biroq so‘rovlarga ko‘ra, rossiyaliklarning yarmidan ko‘pi koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinasi bilan emlanishni xohlamaydi. Hozirgacha ushbu vaksina bilan bir milliondan ortiq rossiyalik emlandi.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar