Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Muhammad payg‘ambar (s.a.v.) karikaturalari tufayli musulmonlarda paydo bo‘lgan his-tuyg‘ularni tushunishini aytdi, ammo ularni hukumat emas, mustaqil OAVlar chiqarayotganini ta’kidladi, deb yozadi “RBK”. Bu haqda u Al Jazeera telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Foto: Reuters

“Men bunday hissiyotlarni tushunaman va ularni hurmat qilaman. Biroq siz mening rolim nimadan iborat ekanligini tushunishingiz kerak, u ikkita narsani: huquqiy tartibni va huquqlar himoyasini ta’minlashi kerak”, — dedi prezident. U o‘z mamlakatida “gapirish, yozish, o‘ylash, chizish” uchun huquqlarni doim himoya qilishini qo‘shib qo‘ydi.

Makron musulmonlarning unga nisbatan tanqidi uning so‘zlari noto‘g‘ri talqin qilinishi bilan bog‘liqligini taxmin qildi. “Fikrimcha, yuzaga kelgan munosabat mening so‘zlarim noto‘g‘ri talqin qilinishi va yolg‘on oqibati bo‘ldi, chunki odamlar bundan men rasmlarni qo‘llab-quvvatlaganimni tushundi”, — dedi u. Prezident Muhammad payg‘ambar (s.a.v.) karikaturalari “hukumat loyihasi” emasligini, balki hukumatga aloqador bo‘lmagan erkin va mustaqil OAVlar faoliyati natijasi ekanligini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, Fransiyada tarix fani o‘qituvchisi o‘quvchilarga Charlie Hebdo nashri tomonidan chop etilgan Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ning karikatura suratini ko‘rsatgan. Shundan so‘ng o‘qituvchi chechenistonlik muhojir tomonidan o‘ldirilgan. Bu voqea Fransiyada keng jamoatchilikning muhokamasiga sabab bo‘ldi. O‘ldirilgan o‘qituvchi bilan vidolashish marosimida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron mamlakat so‘z erkinligidan, jumladan, karikatura borasidagi erkinlikdan voz kechmasligini ma’lum qilgan. Fransiya prezidentining mazkur bayonoti ortidan Yaqin Sharqdagi ba’zi mamlakatlarda Fransiyada ishlab chiqarilgan mahsulotlarni boykot qilish boshlandi.

Makron bu qotillikni “Islom terrorchiligiga xos xatti-harakat” deb atadi. U, shuningdek, Islom dini “butun dunyoda inqiroz holatini boshdan kechirayotgani” haqida fikr bildirdi.

Makronning bu gaplari ko‘plab davlatlarda musulmonlarning g‘azabiga sabab bo‘ldi. Ular Fransiya va Makronga qarshi noroziliklar bildira boshladi. Ba’zi namoyishchilar Fransiya bayrog‘i va Makronning suratlarini toptagan. Bunday norozilik aksiyalari Pokiston, Livan, Turkiya, Falastin va boshqa davlatlarda bo‘lib o‘tdi.