Angliya Premyer Ligasi klublari pandemiya davrida muxlislarni stadionlarga qaytarish uchun velosipedlardan foydalanishi mumkin, deya xabar beradi The Sun.

Foto: Getty Images

Manbaga ko‘ra, o‘tgan dam olish kunlari stadionlarga cheklangan miqdordagi muxlislar kirishi kerak edi, ammo koronavirus infeksiyasining avj olgani sababli Buyuk Britaniya hukumati ushbu qarorni bekor qildi. Qayd etilishicha, hukumat minglab muxlislar stadionlarga yetib borish uchun jamoat transportidan foydalanadi degan fikrda. Bu esa o‘z navbatida kasallikning yangi holatlarini keltirib chiqarishi mumkin.

Premyer Liganing yetakchi klublari esa stadionlarga odamlarning gavjum bo‘lmagan holda yetib kelishi mumkinligini ko‘rsatmoqchi. Buning uchun jamoalar muxlislarga velosipedlarni ijaraga bermoqchi, ushbu holatda muxlislarning xavfsizligi ta’minlanadi. Shuningdek, qo‘shimcha avtomobillar uchun to‘xtash joyini ta’minlash va temir yo‘l kompaniyalari bilan ijtimoiy masofani saqlash maqsadida yetarli xizmatlar ko‘rsatish uchun hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilmoqda.

Qayd etish joiz, hozirgacha Angliya chempionatining 3-turi ortda qoldi, “Lester”, “Everton” va “Liverpul” klublari 3 ta o‘yindan maksimal ochko to‘plab, turnir jadvalida karvonboshilik qilmoqda.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!