Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

O‘zbekistonning bosh sanitar inspektori va Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Nurmat Otabekov koronavirus infeksiyasi bilan qaytadan kasallanish masalasida aholi tomonidan berilayotgan savollarga javob berdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi Nurmat Otabekov tomonidan berilgan javoblarni taqdim etdi.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Nurmat Otabekovning qayd etishicha, ba’zi davlatlarda ushbu kasallik bilan qaytadan kasallanish ehtimoli borligi, hatto ikkinchi marta kasallangan bemorlar qayd etilganligi haqida ma’lumotlar uchrab turibdi.

“Bugungi kunda aniq aytishimiz mumkinki, kasallikning o‘ninchi kunidan boshlab bemorda COVID-19’ga qarshi mukammal immun tizimi shakllana boshlaydi. O‘z tasdig‘ini topgan yana bir jihat shuki, kasallikni og‘irroq boshdan kechirgan insonda shakllangan immun tizimi ancha mustahkamroq bo‘ladi”, — dedi Nurmat Otabekov.

Uning ta’kidlashicha, dunyoda COVID-19 yoppasiga qaytadan hammada qayd etilishi to‘g‘risida bironta ham asoslangan ilmiy ma’lumot yo‘q.

“COVID-19 yangi kasallik bo‘lib, uni to‘liq o‘rganish bo‘yicha izlanishlar hali oxiriga yetganicha yo‘q. Ammo kasallikni boshdan o‘tkazgan odamda uni ushbu kasallikdan keyinchalik ham himoya qilishga qodir immunitet shakllanishi to‘g‘risidagi asosli ma’lumotlar kishini quvontiradi”, — dedi shtab a’zosi.

“Agar shu kasallikning mutatsiyaga uchragan virusiga yoki aynan COVID-19’ga uzoq muddatdan keyin yana duch keladigan bo‘lsak ham, bizning immun tizimimiz xotirasida ushbu kasallikka antitanachalar ishlab chiqarganligimiz haqida axborot mavjud bo‘ladi.

Ushbu antitanachalar kasallik bilan kurasha oladi. Demak, odamda COVID-19 ikkinchi marta qayd etilsa ham, u juda yengil kechishi mumkin. Ya’ni immun tizimi xotirasida antitanachalar ishlab chiqarilgani haqida axborotning borligi kasallikdan tezda sog‘ayib ketish ehtimolini yuzaga keltiradi”, — deya ta’kidladi bosh sanitariya inspektori.

Uning ta’kidlashicha, odam xotirasidan ko‘p narsa chiqib ketishi mumkin, lekin immun tizimi xotirasidan hech qachon hech narsa chiqib ketmaydi. Hatto kasallikdan keyin hosil bo‘lgan antitanachalar titri kam bo‘lsa ham, ular kasallik bilan kurasha oladi.

Nurmat Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, aholi orasida ikki marta COVID-19 bilan kasallanganligini ta’kidlayotgan odamlar ham uchrab turibdi. Uning fikricha, agar shu kabi holatlar laboratoriyada COVID-19 virusi borligi tasdiqlangan taqdirda ham, bunga bitta kasallik bilan ikkinchi marta kasallanish sifatida qarash kerak emas. Buni shu bilan izohlash mumkinki, kasallik yuqtirib olgan organizm undan to‘liq tuzalib ulgurmagan yoki laboratoriya tekshiruvlarida test tizimlari bilan bog‘liq muammolar bo‘lishi mumkin.

“COVID-19 bir odamda uzoq muddat saqlanib qolish ehtimoli yo‘q emasligini ham unutmasligimiz lozim. Aytaylik, bemor davo kursini qabul qilib bo‘lgach tahlil o‘tkazilganida manfiy natija qayd etilgan va u o‘zini sog‘aygan, deb hisoblagan. Aslida esa, tuzalmagan. Keyinchalik musbat natija qayd etilishi bemorda qaytadan kasallandim, degan fikrni shakllantirilishiga asos bo‘lishi mumkin”, — dedi Otabekov.

Shuningdek, COVID-19’ni ikkinchi marta yuqtirib olish holatiga to‘liq ishonish uchun genom darajasida taqqoslash o‘tkazish kerak bo‘ladi. “Ya’ni quyidagi savolga javob topishimiz lozim: bemorda kasallikni yana aynan o‘sha virus chaqirdimi yoki boshqa bir virusmi? Birinchi va ikkinchi holatda genom (irsiyat) darajasida solishtirish o‘tkazish orqaligina bemor COVID-19’ni qaytadan yuqtirib oldi, degan fikrga kelishimiz mumkin”, — deya qayd etgan Nurmat Otabekov.

Bosh sanitariya inspektorining aytishicha, dunyo COVID-19 bilan ro‘baro‘ kelganiga qariyb bir yil bo‘lyapti, u to‘g‘risida kuzatuvlar hali juda kam.

“Balki bir muddat o‘tgandan so‘ng aniq xulosalar aytishimiz mumkin bo‘lar. Yoki vaqt o‘tishi bilan immun tizimi ko‘rsatkichlarida ham birmuncha pasayish, susayish kabi alomatlar kuzatilishi mumkin. Balki biz COVID-19 shtami bilan chaqirilgan kasallikdan keyin to‘liq turg‘un immunitet shakllantirarmiz, balki bu yo‘nalishda emlash tadbirlari yordam berar. Hozircha kuzatuvlar muddati juda kam. Hali hosil bo‘lgan immun tizimi necha yilgacha davom etishi bo‘yicha aniq bashoratlar qilish qiyin. Lekin shu epidemik mavsumda bir marta kasallangan odam ikkinchi marta kasallanish ehtimoli yo‘q”, — deya xulosa qilgan Nurmat Otabekov.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Britaniya hukumati “Vagner”ni terrorchi tashkilot deb e’lon qilmoqchi — The Telegraph
Dunyo
AQSHda xavfli moddalarni olib ketayotgan yuk poyezdi relsdan chiqib ketdi (video)
Mahalliy
O‘zbekistonda kelayotgan hafta boshida qanday ob-havo bo‘ladi?