KXDR rahbari Kim Chen In Sariq dengizda vafot etgan Janubiy Koreya fuqarosi sabab qo‘shni mamlakat xalqidan kechirim so‘radi. Bu haqda Seulga Pxenyandan kelgan rasmiy maktubga tayanib, Yonhap agentligi xabar berdi.

Foto: EADaily

Maktubda yozilishicha, KXDR yetakchisi Janubiy Koreya prezidenti va mamlakatning boshqa fuqarolariga pandemiya oqibatlarini bartaraf etishda yordam berish o‘rniga, ularni qattiq xafa qilib qo‘yganidan afsusda.

Avvalroq KXDR Janubiy Koreya fuqarosi bo‘lgan amaldorni o‘ldirish va uning murdasini yoqib yuborishda ayblangandi. Janubning versiyasiga ko‘ra, 47 yoshli amaldor 21-sentabr kuni Yonpxyondo oroli yaqinida inspeksiya o‘tkazayotgan kater bortidan yo‘qolib qolgan. Taxminlarga ko‘ra, u KXDRga qochishga urinib, mamlakat territorial suvlar orqali suzib ketgan. 22-sentabr kuni kechasi Shimoliy Koreya patruli uni payqab qolib, otib tashlagan. Shundan so‘ng oliy qo‘mondonlik buyrug‘i bilan marhum tanasi orolda yoqib yuborilgan.

Shimoliy Koreya sodir bo‘lgan voqea bo‘yicha o‘z versiyasini taqdim etgan. Pxenyan ma’lumotlariga ko‘ra, qonunbuzar chegarachilarning og‘zaki buyruqlariga hech qanday javob qaytarmagan. U qochishga uringanidan, patrul 40-50 metr oralatib 10 martadan ortiq o‘q uzgan. Shundan so‘ng, patrul qayiqni ko‘zgan kechirgan: qonga burkangan qayiqda hech kimning jasadi bo‘lmagan. Shu sababli kema COVID-19 tarqalishining oldini olish bo‘yicha milliy shtabi direktivasiga ko‘ra yoqib yuborilgan.

Bu 2008-yildan buyon KXDRda Janubiy Koreya fuqarosining o‘ldirilishi bilan bog‘liq birinchi holat hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyining boshlarida Shimoliy va Janubiy Koreya munosabatlari yomonlashgandi. 14-iyun kuni Janubiy Koreya hukumati Shimoliy Koreya bilan bog‘liq har qanday vaziyat yuzasidan javob berishga tayyorligini ta’kidlab, KXDRni ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy bitim bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirishga chaqirdi. 16-iyun kuni esa Shimoliy Koreya harbiylari Keson shahrida joylashgan Koreyalararo aloqa ofisini portlatib yubordi.