Toshkent shahrining ikki kafesida 17-sentabr tongida sodir bo‘lgan yong‘in bartaraf etildi, deya xabar bermoqda FVV.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Qayd etilishicha, 2020-yil 17-sentabr tongida Toshkent shahrining Mirobod va Chilonzor tumanlarida yong‘in yuz berdi. Kelib chiqqan vaziyat oqibatida Nukus ko‘chasi 10-uyda joylashgan “Buxoro” kafesining oshxonasi hamda Bunyodkor va Cho‘ponota ko‘chalari chorrahasida joylashgan ijarada bo‘lgan “Bistroff” kafesining qariyb 190 kvadrat metriga zarar yetgan.

Ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 8 ta yong‘in o‘chirish ekipaji hamda 2 ta avtonarvon zudlik bilan voqea joyiga yetib keldi. Yong‘in-qutqaruvchilarning olib borgan tezkor sa’y-harakatlari natijasida binolarning 430 kvadrat metr maydoni saqlab qolingan.

Jabrlanganlar to‘g‘risida ma’lumotlar kelib tushmagan. Yong‘inning kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda.