Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘istonda fuqarolarga davlat universitetlariga kiritib qo‘yishda yordam berishga va’da bergan shaxslar hibsga olindi, deya xabar bermoqda Bosh prokuraturaga tayanib “Gazeta.uz”.

Andijon viloyatida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari Oltinko‘l tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi G‘.D.ni 4300 AQSh dollari olayotganda ashyoviy dalil bilan qo‘lga oldi.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘qituvchi Andijon davlat universiteti rahbariyatidagi tanishlari orqali fuqaro G. M.ni ushbu OTMning jismoniy madaniyat fakultetiga kiritib qo‘yishga va’da bergan.

Yana bir holat Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida sodir bo‘lgan. Bosh prokuratura huzuridagi departamentning tuman bo‘limi, DXX va IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbir davomida 2000 AQSh dollari olayotgan tumandagi umumta’lim maktabining yoshlar yetakchisi I.M. va fuqaro M.B. ushlangan. Ular fuqaro A.ning qizini tanishlari orqali Namangan davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan.

Departamentning Uychi tuman bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Namangan davlat universiteti o‘qituvchisi A.S. fuqaro R.ni universitetning pedagogika va psixologiya yo‘nalishi bo‘yicha tanishlari orqali o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 1800 AQSh dollari berishni talab qilib, oldindan 800 AQSh dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Ushbu holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda Bosh prokuratura huzuridagi departamentning respublika boshqarmasi va ichki ishlar boshqarmasi tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida fuqaro G. M. do‘sti T.A.ning ishonchiga kirib, uning singlisi G. X.ni Qoraqalpoq tibbiyot institutiga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 3000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Holat yuzasidan G. M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi (firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish), 28 (jinoyatda ishtirok etish) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.