“Muhtasham yuz yil” serialining to‘rtinchi faslida Maryam Uzerli ijro qilgan Xurram rolini davom ettirgan Vahide Gerdyum haqida ma’lumot berib o‘tamiz.

Foto: Passion.ru

Loyihaga qo‘shilganida 48 yosh bo‘lgan aktrisa muxlislar tomonidan unchalik iliq qabul qilinmagan. Maryamga o‘rganib qolgan teletomoshabinlar serialga eski Xurramni qaytishi kerakligini ta’kidlay boshlagan. Bunday salbiy munosabatlarga nisbatan Vahide og‘ir-bosiq holda yondashgan va o‘zini 29 yoshli go‘zal Maryam emasligini, Uzerlining yoshida uning ham o‘ziga yarasha chiroyi bo‘lgani va qolaversa, filmda u katta yoshdagi Xurramni gavdalantirganini bildirgan. Ammo u rol ijro qilgan yangi qismlar efirga uzatilganidan keyin muxlislar Gerdyumning ijro mahoratini tan ola boshlagan. Serialda suratga tushgan vaqtida uning kinodagi tajribasi unchalik ko‘p bo‘lmaganiga qaramay, tanqidchi va teleekspertlar Vahideni eng yaxshi teatr aktrisalaridan biri ekanligini e’tirof etgan.

Foto: Passion.ru

Aktrisa 1965-yil 13-iyunda Izmirda dunyoga kelgan. Otasi yuk mashina haydovchisi, onasi esa uy bekasi bo‘lgan. Maktabni tamomlaganidan keyin bo‘lajak aktrisa tasviriy san’at, keyinroq esa iqtisod bo‘yicha ta’lim olgan. Avvaliga Izmir teatrida rol ijro qilgan Vahide keyinchalik Anqara va Adanadagi teatrlarda ishlagan.

Foto: Passion.ru

Uzoq yillar davomida u dunyo klassik pyesalarida rol ijro qilgan. 2007-yilda “Yilning eng yaxshi teatr aktrisasi” deb topilgan Vahide “Oltin apelsin” festivalida “Birinchi sevgi” filmida bosh qahramonni gavdalantirgani uchun eng yaxshi aktrisa deb topilgan. “Ishq ertagi” filmi uning kinodagi debyuti bo‘lgan va u vaqtda Vahide 40 yoshda edi. Shundan keyin “Yangi yil bilan, London!”, “Mening onam”, “Inqilob mashinasi”, “Zefir” filmlarida suratga tushgan.

Foto: Passion.ru

“Muhtasham yuz yil” serialida suratga tushish taklif qilinganida u darhol rozilik bermagan. Bu vaqtda Maryam Uzerli homiladorligi sabab loyihani tark etib, davolanish uchun Germaniyaga jo‘nab ketgan. Vahide u bilan bir necha marotaba bog‘lanishga qaror qilgan, ammo u telefonini ko‘tarmagan. Uzerlining otasi telefon qo‘ng‘iroqlaridan biriga ularni boshqa bezovta qilmasliklarini aytgan javobidan keyin Gerdyum loyihada ishtirok etishga rozilik bergan. Serialda Vahidening Gerdyum familyasi yozilgan bo‘lgan, ammo 22 yillik turmushidan keyin 2013-yilda eri bilan munosabatlariga nuqta qo‘ygan va Perchin familyasiga qaytgan. U “Muhtasham yuz yil”da epizodik rollardan biri Bekir og‘a rolini ijro qilgan Altan Gerdyum bilan oila qurgan edi. Ajrashishlariga qaramasdan sobiq juftlik do‘stona munosabatlarda bo‘lgan. 2011-yilda aktrisaga sut bezi saratoni tashxisi qo‘yilgan va kasallik bilan kurashish uchun ijodida tanaffus e’lon qilgan. Bu vaqtda sobiq turmush o‘rtog‘i uni qo‘llab-quvvatlagan.

Foto: Passion.ru

Avvaliga mamlakatining o‘zida mashhur bo‘lgan aktrisa “Muhtasham yuz yil”dan keyin dunyoga tanilgan. Shuningdek, yapon filmi motivi asosida suratga olingan “Ona” serialidagi roli ham unga muvaffaqiyat olib kelgan. Aktrisa teatr va kinoda suratga tushishdan tashqari endigina faoliyatini boshlaganlarga aktyorlik mahoratidan dars beradi. “Ona” serialidagi rolidan keyin u “Bir kuni Chukurovada” seriali va “Eshik” filmida suratga tushgan.