Amerikalik olimlar tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, semizlik COVID-19 oqibatida yuzaga keladigan o‘lim xavfini oshiradi, shuningdek, virusga qarshi vaksinaning samaradorligini kamaytirishi mumkin. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: Getty Images

Tadqiqot natijasida olingan ma’lumotlarga ko‘ra, semizlik koronavirus oqibatida yuzaga kelgan kasallikdan o‘lish ehtimolini 48 foizga oshiradi. Bundan tashqari, koronavirusga qarshi vaksina ortiqcha vaznga ega kishilar uchun samarasiz bo‘lishi mumkin.

Olimlarning aniqlashicha, vazn og‘irlik indeksi 30 dan yuqori bo‘lgan kishilarning har qanday munosabatlarda koronavirus bilan kasallanish ehtimoli yuqori. Semiz kishilarning koronavirus sababli kasalxonaga tushish xavfi 113 foizga oshadi, ular katta ehtimol (74 foiz) reanimatsiyaga tushadi.

Shimoliy Karolina universiteti olimlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot Jahon banki buyurtmasiga asosan amalga oshirilgan. Ta’kidlanishicha, olimlarning ishi butun dunyoda, jumladan, Italiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, AQSh va Xitoyda o‘tkazilgan ko‘plab tadqiqotlarni birlashtirgan meta-tahlildan iborat bo‘lgan.

Qayd etilishicha, AQSh va Buyuk Britaniya semizlik eng yuqori darajada bo‘lgan davlatlardan biri hisoblanadi. Amerikaliklarning 40 foizdan ortig‘i semizlikdan aziyat chekadi, Buyuk Britaniyada esa aholining 27 foizdan ortig‘i shu muammoga duch keladi.

Avvalroq xitoylik olimlar koronavirusga chalingan odamning qonida qand miqdorining yuqori bo‘lishi uning koronavirusdan o‘lish xavfini ikki baravar oshirishini aniqlagandi. Polshalik olimlar esa koronavirus bilan kasallanish holatida o‘lim ehtimolligini hisoblovchi kalkulyatorni yaratgandi.