BAA O‘zbekistonga umumiy qiymati 723 million so‘mga teng bo‘lgan koronavirus infeksiyasini davolashda qo‘llaniladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar jo‘natdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Qayd etilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 24-mart kuni BAAga rasmiy tashrifi davomida qator sohalar bilan birga tibbiyot yo‘nalishida ham ko‘p tomonlama hamkorlik bo‘yicha kelishib olingan edi.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Dubay amirligi hukumatining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbariyati o‘rtasida imzolangan mamlakat tibbiyot muassasalarini qo‘llab-quvvatlash doirasida texnik yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘zaro kelishuv memorandumida ham qator masalalarga aniqlik kiritilgan.

SSV xabariga ko‘ra, ushbu memorandum doirasida kuni kecha Dubay amirligi hukumati vazirlikka umumiy qiymati 723 million so‘mga teng bo‘lgan koronavirus infeksiyasini davolashda qo‘llaniladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar taqdim etildi. Ular orasida o‘pkani doimiy ijobiy bosim bilan sun’iy shamollatish rejimi uchun maxsus niqoblar, tibbiy muolajalarda qo‘llanadigan “Enoksaparin natriy” va “Sefoson eritmalari” mavjud.

Avvalroq Germaniya O‘zbekistonga kislorod ballonlari, tibbiy niqoblar va kombinezonlardan iborat insonparvarlik yordami yuborgani, O‘zbekiston Qirg‘izistonga 560 ming dollarlik insonparvarlik yordami jo‘natgani,  Singapurdan 30 ta kislorod konsentratori beg‘araz yordam sifatida olib kelingani, xabar berilgan edi.