O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining birinchi raisi Anvar Sharapov vafot etdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Sputnik

Anvar Sharapov o‘z xizmat faoliyati davomida qator davlat idoralarida mehnat qilgan. Uzoq yillar mobaynida huquqni muhofaza qilish organlarida (1993—2014-yillar), O‘zbekiston Prezidenti devonida (2014−2016-yillar) mas’ul lavozimlarda, xususan, Prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimida xizmat qilgan.

Anvar Sharapov 2016-yil 14-dekabrda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan va bir yil davomida ushbu lavozimda faoliyat yuritgan.

Ma’lum qilinishicha, aynan Anvar Sharapov raisligida O‘zbekiston turizm sohasidagi islohotlar boshlangan. Shu davrda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining tarkibi to‘liq shakllantirilgan, viloyatlarda hududiy departament va boshqarmalar ochilgan, davlat unitar korxonalari tashkil qilingan.

“Anvar Kurbanovich hamkasblari orasida fidoyi mehnati bilan bir qatorda o‘zining insoniy fazilatlari bilan ham yodda qolgan: oqko‘ngil, samimiy hamda shogirdlariga doim yordamga shay inson bo‘lgan”, — deyiladi xabarda.

Anvar Sharapov fidokorona mehnatlari uchun “Do‘stlik” ordeni va “Jasorat” medali bilan taqdirlangan.