Butun dunyoda eng yiriklaridan hisoblangan Sharqiy Sibir va Uzoq Sharqdagi BAM temiryo‘l loyihasi XIX asrning oxiridayoq muhokama qilingan, ammo 1926-yilga kelibgina ushbu hududda topografik tadqiqotlar boshlangan edi. “Daryo” SSSR davrida qurilishi boshlangan, ko‘plab mehnat kuchi va mablag‘ sarflangan temiryo‘l loyihasi haqida hikoya qiladi.

Asr magistralining yaralish tarixi

1932-yil 13-aprelda SSSR Xalq Komissarlari Sovetining “Baykal—Amur temiryo‘lini qurish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi, unga muvofiq loyihalash va qidiruv-qurilish ishlari boshlandi.

Foto: Google Photos

Kuzga kelib loyihada ishchilar yetishmasligi muammosi paydo bo‘ldi. Rasmiy ravishda 25 ming kishi ishlashi mo‘ljallangan loyihaga atigi 2,5 ming kishi jalb qilindi. Natijada 1932-yil 25-oktabrda SSSR Xalq Komissarlari Sovetining ikkinchi farmoni chiqdi, unga binoan BAM qurilishi maxsus xizmat boshqaruviga topshirildi. Ahamiyatlisi, shundan so‘ng magistral qurilishi uchun ishchi kuchi sifatida “quloq” asirlaridan foydalanildi. 1932-yildagi “Baykal—Amur temiryo‘lining eng yaxshi zarbdori” nishoni ham aynan BAM asirlariga berilgan.

Qurilishning boshlanishi

1938-yilda Tayshetdan Bratskkacha bo‘lgan qismida qurilish boshlandi. May oyida BAMlag tarqatib yuborildi va uning asosida oltita temiryo‘l majburiy mehnat lageri tashkil etildi. Ular: Amur temiryo‘l mehnat lageri, Janubiy temiryo‘l mehnat lageri, G‘arbiy temiryo‘l mehnat lageri, Sharqiy temiryo‘l mehnat lageri, Janubi-Sharqiy temiryo‘l mehnat lageri va Bureyskiy temiryo‘l mehnat lageri. 1938-yilda qurilish maydonchasida 150 mingdan ortiq mahbuslar ishlagan.

1939-yilda sharqiy qismda Komsomolsk-Amurdan Sovet Gavangacha qurilish uchun tayyorgarlik ishlari boshlandi. 1942-yil yanvarda Davlat Mudofaa qo‘mitasining qarori bilan Stalingrad—Saratov—Sizran—Ulyanovsk yo‘nalishi qurilishi boshlandi (Pobojiy A.A. Skvoz severnuyu glush. — M.: Sovremennik (izdatelstvo), 1978. — 318 s.). 1945-yilda temiryo‘lning Komsomolsk-Amur—Sovet Gavan qismi foydalanishga topshirildi.

1951-yil iyul oyida birinchi poyezd Tayshet—Bratsk—Ust-Kut (Lena) liniyasini to‘liq bosib o‘tdi va 1958-yilda temiryo‘lning yo‘nalishi to‘liq foydalanishga topshirildi va qurilish qariyb 10 yilga to‘xtatildi.

1967-yil 24-martda KPSS Markaziy Komiteti va SSSR Ministrlar Sovetining loyihalash va qidiruv ishlarini qayta boshlash to‘g‘risida qarori chiqdi. KPSS Markaziy Komiteti va SSSR Vazirlar Kengashining 1974-yil 8-iyuldagi “Baykal—Amur temiryo‘lini qurish to‘g‘risida”gi qarori bilan uzunligi 3145 kilometr bo‘lgan birinchi toifali Ust-Kut (Lena)—Komsomol-Amur temiryo‘li va Tayshetning ikkinchi yo‘lini qurish uchun zarur mablag‘lar ajratildi.

Foto: Wikipedia

Qayta boshlanganidan so‘ng qurilishga asosan yoshlar jalb qilina boshlandi, g‘arbiy va markaziy qism (Tayshetdan Tindagacha) quruvchilar tomonidan, sharqiy qism esa (Tindadan Vaninogacha) temiryo‘l qo‘shinlari tomonidan qurildi. Shu tariqa BAM SSSRdagi eng qimmat loyiha (qiymati 17,7 milliard rubl) sifatida tarixga kirdi. Qiyin geologik va iqlim sharoiti tufayli temiryo‘lning markaziy qismini qurish 12 yildan ko‘proq vaqt talab qildi va qurilishi eng ko‘p mehnat talab qilgan qism — Severomuysk tunnelining faoliyati faqat 2003-yilga kelibgina uzluksiz yo‘lga qo‘yildi (5-dekabr kuni ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan).

1974-yil apreldagi komsomolning XVII qurultoyida BAM qurilishi uchun shtab tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Komsomol komitetining kotibi Dmitriy Filipov shtab rahbariga aylanadi. 1977-yilda Bam—Tinda liniyasi, 1979-yilda Tinda—Berkakit liniyasi doimiy ishga tushirildi.

1986-yilda magistralni qurish uchun SSSR Transport qurilishi vazirligi 800 dan ortiq yapon qurilish uskunalarini yetkazib berdi. Ko‘priklarni qurish jarayonida texnologiyaga mos kelmaslik va ish sifati pastligi, natijada temirbeton bilan qoplangan 150 dan ortiq ko‘prikning aksariyatida nuqsonlar mavjudligi aniqlandi — bu yuk hajmi va tezligini cheklashga olib keladi.

1928-yilgi sovet loyihasiga ko‘ra, Buyuk shimoliy temiryo‘lning sharqiy qismi hisoblangan BAM temiryo‘l liniyasi barpo etilgan hududlarning tabiiy boyliklarini o‘zlashtirishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgandi, ammo temiryo‘l bo‘ylab sanoat majmualari qurilishi na SSSR davrida, na hududlar xususiy tadbirkorlarga topshirilganidan keyin amalga oshirilmadi. BAM yo‘lida dastlab 9 ta gigant hududiy sanoat majmuasini qurish rejalashtirilgan edi, ammo yakunda faqat bitta — Janubiy Yakut ko‘mir kompleksi (shu jumladan, Neryungri ko‘mir koni) qurildi.

Foto: Wikipedia

1997-yildan boshlab BAM boshqaruvi bilan Sharqiy Sibir temiryo‘llari va Uzoq Sharq temiryo‘llari ma’muriyati shug‘ullana boshladi. Aynan shu yilga kelib BAMdagi qatnov hajmi 1990-yildagi eng yuqori ko‘rsatkichga nisbatan ikki baravar kamaydi (kuniga atigi bir necha poyezd o‘tgan). 2010-yildan boshlab magistralning o‘tkazish qobiliyati va yuk tashish hajmini oshirish, shuningdek, og‘ir poyezdlar uchun ixtisoslashtirish rejalashtirildi. Magistral yuk tashishni ko‘paytirish maqsadida modernizatsiya qilindi (Anton Veber. BAM — eto ne tolko jeleznodorojniy proyekt. 18 maya 2015).

Dunyodagi eng yirik magistrallardan birining qamrovi

Baykal—Amur temiryo‘lining Tayshetdan Sovet Gavangacha (Xabarovsk o‘lkasidagi shahar) bo‘lgan asosiy yo‘nalishining uzunligi 4287 km. BAM trassasi Transsibir temiryo‘lining shimoliy qismidan Tayshet stansiyasiga, undan keyin Bratskdagi Angara daryosidan, Ust-Kutdagi Lena daryosidan o‘tadi, Severobaykalsk orqali shimoldan Baykal ko‘lini aylanib o‘tib, Tinda orqali Amur daryosidan o‘tib, Komsomolsk-Amur daryosidan o‘tadi va Tinch okeanida — Sovet Gavanda tugaydi.

Magistral yo‘nalishi asosan tog‘li hududlardan tashkil topgan bo‘lib, shu jumladan, u Stanovoye tog‘liklari orqali yettita tog‘ tizmasini kesib o‘tadi. Yo‘nalishning eng yuqori nuqtasi Mururinskiy dovoni bo‘lib, u dengiz sathidan 1323 metr balandlikda joylashgan. Magistralda o‘nta tunnel bo‘lib, ular orasida Rossiyada eng uzunlaridan biri hisoblangan Severomuysk tunneli bor. Temiryo‘l yo‘nalishida 11 ta katta daryo kesib o‘tiladi — ularning ustida 2230 ta katta-kichik ko‘prik qurilgan. Magistral 200 dan ortiq temiryo‘l stansiyalari va 60 dan ortiq shahar va qishloqlardan o‘tadi.

XXI asr: BAMning yangi tarixi

2009-yilga kelib Tayshet—Tinda—Komsomolsk yo‘nalishida yuk tashish hajmi yana o‘sdi va yiliga, taxminan, 12 million tonnani tashkil etdi. 2009-yildan boshlab BAM har yili, taxminan, 12 million yo‘lovchini tashiydi, bu butun Rossiya bo‘ylab temiryo‘l transportida yo‘lovchi tashishining bir foizidan ko‘prog‘ini tashkil etadi.

Foto: Wikipedia

2006-yil fevral oyida “TVEL” kompaniyasi va Sharqiy Sibir metallurgiya korporatsiyasi BAM va Trans-Sibir temiryo‘llari o‘rtasida uzunligi, taxminan, 350 km bo‘lgan Novy Uoyan—Xiagda—Ozerniy—Mogzon temiryo‘lining qurilishi loyihasini ishlab chiqdi. Yo‘l Xiagda va Ozerniy konida uran ishlab chiqarilishi va tashilishini ta’minlashi kerak edi. 2007-yilda hukumat rejani tasdiqladi.

2009-yilda Komsomolsk-Amur—Sovet Gavan qismini (Uzoq Sharq temiryo‘li) rekonstruksiya qilish yangi Kuznetsovskiy tunnelini qurish bilan boshlandi — tunnel 2016-yilda qurib bitkazilishi rejalashtirilgan edi. Loyihaning umumiy qiymati 59,8 milliard rublni tashkil etib, bunda poyezdlar tezligining oshirilishi, natijada o‘tkazish qobiliyati va yuk tashish qobiliyatining o‘sishi, shuningdek, poyezdlar og‘irligini 3600 tonnadan 5600 tonnagacha orttirish imkoniyati yuzaga kelishi ko‘zda tutilgan.

2013-yil oxirida Tinda—Xani temiryo‘l uchastkasida loyihaviy qidiruv ishlari boshlandi. Ushbu qism BAMning eng gavjum joyi bo‘lib, uni uch yil ichida tushirish uchun yuz kilometrdan ko‘proq ikkinchi yo‘llarni yotqizish rejalashtirilgandi. 2015-yil boshida Tinda stansiyasidan kuniga ikki mingga yaqin vagon o‘tardi va ushbu qismdagi rekonstruksiya va kengaytirilishlardan so‘ng bu ko‘rsatkich uch baravarga ko‘payadi (BAM-2 pomojet amurskomu severu perejit krizis. Fotoreportaj. Amurskaya pravda (16 marta 2015).

2019-yil 7-iyulda Rossiya temiryo‘llari Lena-Vostochnaya—Predlenskiy Sharqiy-Sibir temiryo‘l liniyasida Lena daryosi orqali yangi ko‘prik bilan ikkinchi yo‘l bo‘ylab harakatni boshladi. Ushbu hodisa Baykal—Amur temiryo‘lining 45 yilligiga bag‘ishlandi. Yangi yo‘nalishning ochilishi sabab tashish hajmini yiliga 26,9 million tonnadan 34,5 million tonnagacha ko‘tarilishi kerakligi belgilandi. 2019-yil 20-avgustda BAMda ikkinchi Severomuysk tunnelini qurish ishlari boshlanib ketdi.

Foto: Google Photos

BAM quruvchilari o‘nlab yillar davomida vaqtinchalik uylarda yashab kelgan. BAMning sobiq quruvchilari uchun yangi barpo etilgan uy-joylarning sifati past edi. Bu omillar natijasida BAM hududi aholisi 35 yil ichida (1982—2017) ikki baravarga qisqardi (Yelena Racheva. Posle BAMa // Novaya gazeta. — 2018. — № 8. — S. 11—14).

Sharqiy qismni qurishda SSSR qurolli kuchlari temiryo‘l qo‘shinlarining ikkita temiryo‘l korpusi ishtirok etdi. BAM qurilishi hal qiladigan vazifalardan biri Xitoy bilan harbiy to‘qnashuv yuz bergan taqdirda mamlakatning Uzoq Sharq mintaqalari bilan ishonchli aloqani ta’minlash edi.

BAM haqida esda qolarli faktlar

BAM qurilishi uchun Germaniya Federativ Respublikasiga 10 mingga yaqin samosvallar va havo sovitadigan dizel dvigatelli Magirus Deutz rusumli yuk mashinalariga buyurtma berilgan. SSSRda fuqarolik avtoulovlari uchun bunday dizellar ishlab chiqarilmasdi. Yetkazib berish ishlari 1975—1976-yillarda amalga oshirilgan. Ushbu mashinalarning bir qismi hozirda Sibir va Uzoq Sharq mintaqalarida ishlaydi. Ushbu mashinalarda ishlash eng obro‘li deb hisoblangan va ular SSSRda ishlab chiqarilgan mashinalardan sifat va qulayliklari bilan ajralib turgan.

Foto: Google Photos

BAM sharafiga asteroidlardan biri “(2031) BAM” deb nomlangan bo‘lib, u 1969-yilning 8-oktabrida Qrim rasadxonasidan Lyudmila Chernix tomonidan topilgan. BAMga atab o‘ndan ortiq qo‘shiqlar, “Mururin dovoni” filmi (1994-yil) va adabiy asarlar yaratilgan.

Dilbar Ismatullayeva tayyorladi.