Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-iyul, chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan videoselektorda mamlakatdagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga to‘xtalib, karantin vaqtida o‘tkazilishga ruxsat berilgan 30 kishilik to‘ylar haqida gapirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Agar biz hozir odamlarning hayoti bilan bog‘liq narsalarga e’tiborni susaytirsak, ertaga ahvolimiz yaxshi bo‘lmaydi”, — dedi Prezident.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, mamlakatda 30 kishi ishtirokida o‘tkazishga ruxsat berilgan to‘ylarda ishtirokchilar soni 130 kishiga ko‘payib ketmoqda. Joylarda oddiy talabga e’tibor berilmayapti.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev kasallikni yashirish va uni mustaqil ravishda uyda davolashga urinish atrofdagilarga katta xavf tug‘dirayotganini ta’kidladi.

Avvalroq sog‘liqni saqlash vaziri Toshkent shahrida oxirgi bir oy ichida 4 ta to‘yda 110 ta kasallanish holati aniqlangani, Yunusobod tumanida o‘tkazilgan to‘yda 79 kishi virus yuqtirib olganini ma’lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida 23-martdan e’tiboran ommaviy tadbirlar, xususan, to‘y-marosimlarning o‘tkazilishi taqiqlangan edi. Ushbu taqiqdan so‘ng to‘y marosimlarini o‘tkazishga uringanlarga nisbatan hatto jinoyat ishi ham qo‘zg‘atildi.

Mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorlashib, nisbatan nazorat ostiga olingach, Respublika maxsus komissiyasining 30-maydagi qarori bilan “yashil” toifaga kiritilgan hududlarda oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni 30 kishidan ko‘p bo‘lmagan holda o‘tkazishga ruxsat berildi.

Mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat keskinlashayotgani sababli 10-iyuldan boshlab mamlakatda to‘ylarni o‘tkazish yana taqiqlanadi.