O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, dublyaj ustasi, taniqli aktyor Hoshim Arslonov 29-may kuni 64 yoshida olamdan o‘tdi.

Foto: “Daryo”

Rejissor Akrom Shaxnazarov hamda prodyuser Ravshan Norbayev tomonidan suratga olingan “101-reys” filmi Hoshim Arslonovning eng so‘nggi, hali katta ekranlarga chiqmagan filmi bo‘lib qoldi. Film rejissori Akrom Shaxnazarov “Daryo” muxbiri Feruz Muhammadga bergan intervyusida Hoshim Arslonov bilan bog‘liq eng katta armoni haqida gapirib berdi.

Hoshim akam bilan bundan 3 yil avval tanishganman. “101-reys” filmi proba jarayonlarida topshiriq berayotganimda yosh rejissor sifatida meni bu kamtarin va bosiq insonning salobati bosardi.

Filmda bosh qahramon roliga Hoshim aka ham proba topshirib ko‘rgan edilar, keyin bu rolga tasdiqlanganliklari haqida xabar berganmizda kelib ishonmagandilar.

Foto va video probalarga kelib ketaverib, umidlarini uzgan ekanlar. Men “Hoshim aka, tabriklayman. Siz sinovdan o‘tib, rolga tasdiqlandingiz” deb aytganimda g‘alati jimlik paydo bo‘lgan edi. Keyin tashqariga chiqqanimizda “Akrom, men harakat qilaman, menga ishonch bildirgan ekansizlar, qo‘limdan kelganicha harakat qilaman”, deb aytgandilar. Men o‘shanda shuncha yillik tajribaga ega insonning ‘qo‘limdan kelgancha harakat qilaman’ deyishini  eshitib hayron qolganman.

Ofisimizdan chiqib uylariga ketishlarida butun ijodlari ko‘z oldilaridan o‘tib, ko‘ngillari bo‘shab ketgan ekanlar. Sababi aynan o‘shanda teatrdan ketgan paytlari va bosh qahramonni o‘ynamagan vaqtlari ekan.

Jarayon boshlanib ketdi. Bir necha oy ingliz tili kurslariga bordilar. Samolyot bilan bog‘liq holatlarni haqiqiy uchuvchilardek o‘rgandilar. Tasvirga olish jarayonlari 3 yil davomida qishda ham, yozda ham davom etdi, aktyorlarga qiyin bo‘ldi.

Suratga olishning oxirgi kuni yodimda qolgan: juda ham shoshdilar, chunki ertasi kuni Umra safariga ketishlari kerak edi. O‘shanda ustoz bilan oxirgi marta gaplashganman. “Hoshim aka, bu rol xalq kutgan rol bo‘ladi. Ayni oxirida kulminatsion nuqta bo‘ladi, menga vaqt kerak” deb tushuntirganimda, shoshilib turgan ustozim telefonlarini o‘chirib qo‘yganlar va ishga sho‘ng‘igandilar, 2 soatlik jarayonga 8 soat vaqt ajratib bergan edilar.

Safardan qaytganlaridan keyin telfonda galashdim. Salom-alikdan keyin birinchi aytgan gaplari: “Akrom, materiallarni ko‘rib chiqdingmi? Kamchilik yo‘qmi?” Keyin men “Kamchiliklar yo‘q, hammasi joyida!” deb aytganimda “Allohga shukr!” degandilar, ovozlari juda xasta edi.

Menda bitta narsa armon bo‘lib qoldi, lekin bu narsani 3 yil avval ustozimga aytgan edim: “Ustoz, balki dublyajga boshqa kishi ovoz berishi ham mumkin, chunki sizning ovozingiz xalqning qulog‘iga yod bo‘lib ketgan”. Shu gaplar endi ko‘z oldimdan o‘tyapti. O‘sha paytda gap kelganda aytganman, endi bo‘lsa kim bu vazifani bajarishini o‘ylab o‘yimga yetolmayapman.

Oxiratlari obod bo‘lsin! Bu filmga bor mehrlarini berib ketdilar, ilohim xalqimizga manzur kelsin!

Akrom Shaxnazarov, “101-reys” filmi rejissori