10-iyun kuni “O‘zbekkonsert” davlat muassasasida navbatdan tashqari yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov olib bordi.

Foto: “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi matbuot xizmati

Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi. 2017-yildan buyon muassasaga rahbarlik qilib kelgan Odiljon Abduqahhorov boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan muassasa direktorining ijodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Alisher Jamoldinov vaqtincha direktor vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Foto: “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi matbuot xizmati

Alisher Jamoldinov 1975-yilda tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. 1999-yilda Muxtor Ashrafiy nomidagi Toshkent davlat konservatoriyasining sharq musiqasi fakultetini tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida 2013—2018-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida bir qancha mas’ul lavozimlarida faoliyat yuritgan, xususan, Konsert-tomosha muassasalarini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i vazifasida mehnat qilgan.

Alisher Jamoldinov 2018-yildan boshlab “O‘zbekkonsert” davlat muassasasida ijodiy masalalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida mehnat qilib kelmoqda.

“‘O‘zbekkonsert’ davlat muassasasi jamoasi Odiljon Abduqahhorovning muassasadagi samarali faoliyati uchun minnatdorlik bildiradi hamda kelgusidagi ishlariga ham muvaffaqiyatlar tilaydi.

O‘z navbatida Alisher Jamoldinovga ham bundan keyingi faoliyatida muvaffaqiyat va samaradorlik hamroh bo‘lishiga tilak bildiradi”, — deyiladi axborotda.