“Liverpul” himoyachisi Virjil van Deyk 20 yoshida vasiyatnoma yozganini tan oldi. O‘shanda niderlandiyalik futbolchi o‘tkir appenditsit bilan kasalxonaga yotqizilib, peritonit (qorin pardalarining yallig‘lanishi) va buyragidagi infeksiyalar tufayli operatsiya qilingan, uning hayoti xavf ostida bo‘lgan.

Foto: The Sun

“Hanuzgacha kasalxona to‘shagida yotganimni eslayman. U yerda yotar ekanman, atrofimda faqat menga ulab qo‘yilgan naychalarni ko‘rardim. Tanam o‘zimga bo‘ysunmasdi, hech narsa qila olmasdim. O‘sha paytlarda xayolimga yomon fikrlar kela boshlagandi.

Hayotim xavf ostida edi. Onam ikkimiz Xudoga ibodat qilardik va ehtimoliy vaziyatlarni muhokama qilardik. Ana shunday paytda bir nechta hujjatlarga imzo chekishga majbur bo‘ldim. Bu o‘ziga xos vasiyatnoma edi. Agar men vafot etsam, pullarimning bir qismi onamga o‘tardi. Hech kim bu haqda gapirishni xohlamagan, biroq biz buni qilishimiz kerak edi. Judayam og‘ir bo‘lgandi, men hatto yurolmasdim”, — deydi van Deyk.

O‘sha vaqtlarda van Deyk Niderlandiyaning “Groningen” klubida to‘p surgan. Keyinchalik uning faoliyatida “Seltik” va “Sauthempton” klublari paydo bo‘ladi. 2018-yilning yanvar oyidan esa “Liverpul” sharafini himoya qilib keladi. 28 yoshli van Deyk “qizillar” safida umumiy hisobda 113 ta o‘yin o‘tkazib, 11 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol etgan. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2023-yilgacha mo‘ljallangan.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!