Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘yinlari 13-iyundan davom ettiriladi.

Foto: OFK

Avvalroq Superliga birinchi davrasi taqvimi e’lon qilingan va unga ko‘ra, 4-tur doirasidagi “Metallurg” — “Lokomotiv” uchrashuvi Bekobodda bo‘lib o‘tishi kerak edi. Biroq Bekobod shahri “qizil” toifadagi hududga kiritilgani bois uchrashuv ikki jamoaning o‘zaro kelishuviga ko‘ra Toshkent shahriga ko‘chirilgan. Bu haqda Professional futbol ligasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Shu tariqa 15-iyun kuniga mo‘ljallangan bahs “Lokomotiv” stadionida bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi davradagi o‘yin “Metallurg” klubi o‘yingohida o‘tkazilishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasi tomonidan 5-iyundan boshlab mamlakatning “yashil” hududlarida futbol musobaqalarini o‘tkazishga ruxsat etilgandi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!