Nyu-York shtatida koronavirus tufayli joriy etilgan cheklov choralari yumshatilib, aholiga 10 kishigacha to‘planishga ruxsat berildi, deb xabar bermoqda New York Post. Tegishli qaror shtat gubernatori Endryu Kuomo saytida e’lon qilingan.

Foto: Reuters

Avvalroq hukumat fuqarolarga faqat diniy marosimlarni o‘tkazish uchun 10 kishigacha yig‘ilishga ruxsat bergandi. Endi esa istalgan tadbirlash uchun shuncha kishi to‘planishi mumkin. Shu bilan birga, odamlar ijtimoiy masofa saqlashi lozim bo‘ladi.

Aprel oyida Endryu Kuomo Nyu-Yorkda nikoh marosimlarini onlayn o‘tkazishga ruxsat bergan edi.

Jons Hopkins ma’lumotlariga ko‘ra, Nyu-Yorkda koronavirusga chalinganlar soni 358 ming kishidan oshib ketgan. Epidemiya boshlanganidan buyon Nyu-Yorkda 63 mingdan ortiq bemor tuzalgan, 28 mingdan ortig‘i vafot etgan. Qurbonlar orasida uch nafar o‘zbekistonlik (bir ayol va ikki erkak) ham bor bo‘lib, ulardan biri mashhur shashmaqom ijrochisi marhum Rustam Samarqandiy edi.