Aprel oyining oxirida Campus Univers Cascadees kaskadyorlar maktabi talabalari #CUCchallenge nomli chellenjni boshlab berdi. Ularning har biri qanaqa jangovar ko‘nikmalarga ega ekanligi borasida video olib, barcha roliklarni bitta klipga birlashtirgan. Shu orqali ishtirokchilar koronavirusga qarshi kurashishga qaror qilgandi.

“Kinopoisk” chellenjni qo‘llab-quvvatlagan holda kino olamidagi eng qoyilmaqom tryuklarning 10 tasini jamladi.

Foto: “Kinopoisk”

“Uddalab bo‘lmas topshiriq: ‘Fantom’ protokoli”

Filmda Itan Xant dunyodagi eng baland bino — “Burj Xalifa”dagi serverga kirishi tasvirlangan sahna mavjud. Biroq u o‘ziga kerakli joyga koridorlar orqali emas, osmono‘par binoning tashqi tomonidan kirishi kerak bo‘ladi. Suratga olishda dublyorga hojat bo‘lmagan: Tom Kruz bino juda baland bo‘lishiga qaramay, xavfli vazifani o‘zi bajargan.

Daradevil (“Sorvigolova”)

Film kaskadyorlarining bir necha vazifasi bo‘lgan: ular nafaqat qahramonning jang qilish qobiliyatini, balki ko‘zi ojizligi sabab quloqlari bilan “ko‘radigan” insonning mahoratini namoyish etishga harakat qilgan. Shuningdek, mashqlar koordinatori Filip J.Silver superqahramon bitmas-tuganmas kuchga ega emasligini, u ham zarbalar oqibatida charchab qolishini ko‘rsatib berishga uringan.

“Reyd 2”

Garet Evansning dilogiyasining o‘ziga xosligi — unda jang san’ati ustalari ishtirok etadi. Ular orasida indoneziyalik Iko Uays va Yayan Ruxyan ham bor. Filmlardagi barcha harakatlarni ular mustaqil amalga oshirgan. Uays va Ruxyan muntazam xoreografiya bilan shug‘ullangani sabab, “Reyd 2” filmining final qismida jang sahnasi real hayotdagidek taassurot uyg‘otadi.

“Portlovchi sariq soch”

Mazkur filmdagi jang sahnalarini ijro etish uchun Sharliz Teron olti hafta davomida mashg‘ulotlarda qatnashgan. Aktrisa birgina dublni suratga olish uchun hamkasblariga 20 ga yaqin “zarba” bergan. Sahnadagi har bir harakat oldindan o‘ylangani sabab, bu juda murakkab va aktyor ulardan bittasini unutsa ham, dubl yo‘qqa chiqadi.

“Politsiya tarixi”

Jeki Chan filmlaridagi jang sahnalarini o‘zi ijro etishi bilan butun dunyoga tanilgan va o‘z karyerasi davomida ko‘plab jarohatlar olishga ulgurgan — tos suyagidan tortib, barmoqlari-yu qovurg‘alarigacha singan. “Politsiya tarixi” filmining oxirida chiroqlar ilingan ustunga sakrab, bir necha qavat pastga tushish sahnasi mavjud. Ushbu dubl oqibatida Jekining yelkasiga jarohat yetgan va ikkinchi darajali kuyish olgan.

“Jon Uik 3”

Jon Uik o‘z sarguzashtlarining uchinchi qismida otga minib dushmanlaridan qochadi. Suratga olish jarayonida Kianu Rivzning bir necha dublyori bo‘lishiga qaramay, aktyor ushbu sahnani o‘zi bajargan — uning xavfsizligi troslar yordamida ta’minlangan.

“Ben-Hur”

“Ben-Hur” filmidagi mashhur poyga sahnasini suratga olishga ommaviy sahnani hosil qilish uchun 1,5 ming qo‘shimcha odam jalb etilgan. Charlton Xeston birgina sahnadan boshqa qolgan hammasida otlarni o‘zi boshqargan. Uning qahramoni boshqa bir aravaga urilganida, aktyorning yiqilib tushishiga bir bahya qolganini ko‘rish mumkin. 45-soniyadan boshlanadigan ushbu epizodda Xeston o‘rniga kaskadyor Jon Kanatt suratga tushgan.

“13-rayon”

“13-rayon” filmidagi bosh qahramonlar turli murakkab harakatlardan bexabar emas. Siril Raffaelli — “Tashuvchi” va “Taksi” sikvellarida ishlagan taniqli kaskadyor. Devid Bell esa — xalqaro parkur-harakat asoschisi va yetakchisi. Shu sababli filmdagi ekshen-sahnalar himoya troslari va kompyuter grafikasisiz olingan.

“O‘lim isboti”

Zoi Bell — tajribali kaskadyor. U Keyt Blanshettni “Tor”ning uchinchi qismida, Uma Turmanni “Billni o‘ldirish” filmida almashtirgan. “O‘lim isboti”da esa Bell mashina kapotiga chiqib olgan qahramonlardan birining rolini ijro etadi. Aktrisa avtomobil soatiga 140 kilometr soat tezlikda harakatlanganiga qaramay, ushbu sahnada o‘zi suratga tushgan.

“Paroxoddagi Bill”

Ovozsiz kino davrida ham murakkab mashqlardan foydalanilgan. Baster Kiton xavfli sahnalarni o‘zi mustaqil ijro etishi bilan ko‘pchilikning mehrini qozongan. Masalan, “Paroxoddagi Bill” filmida uning qahramoni ustiga uyning devori qulaydi, biroq u omad tufali omon qoladi. Kiton keyinchalik ham aktyorlik sohasi va kaskadyorlikka sodiq qolgan.