2020-yilning 20-aprel kuni Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida Majburiy ijro byurosi xodimi va fuqaro o‘rtasida yuz bergan tortishuv videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Majburiy ijro byurosi mazkur holat bo‘yicha o‘rganish olib bordi va bu haqda “Daryo”ga ma’lumot berdi.

Foto: Majburiy ijro byurosi

Aniqlanishicha, Chiroqchi tuman iqtisodiy sudining 2020-yil 7-yanvardagi qaroriga asosan, qarzdor “Qo‘ziyeva Xolida Boymurodovna” xususiy korxonasining Qamashi tuman Davlat soliq inspeksiyasi oldida 11,2 million so‘m soliq qarzi hamda davlat foydasiga 223 000 so‘m davlat boji to‘lash majburiyati bo‘lgan. Mazkur qarzdorlikni undirish haqidagi ijro hujjati MIBning Qamashi tuman bo‘lim ish yurituviga 12-yanvar kuni kelib tushgan va shu kunning o‘zida ijro ishi qo‘zg‘atilib, qarzdorga ijro qilish uchun ma’lum qilingan.

Xabar berilishicha, qarzdor qarzdorlikni bartaraf etish yuzasidan bir necha bor ogohlantirilishiga qaramasdan, mazkur majburiyatini bajarmagan. Shu bois 16-aprel kuni majburiy ijro harakatlariga kirishilgan va qarzdor korxonaga tegishli bo‘lgan bir dona darvoza xatlanib, realizatsiya qilish uchun olib ketilgan.

Mazkur holatda xatlovga olingan korxonaga qarashli ma’muriy binoda o‘rnatilgan darvozani olish uchun MIB xodimlari borganda, korxona rahbarining oila a’zolari davlat ijrochisi A.Samiyev va boshqalarning faoliyatiga qarshilik qilgan.

Qamashi tuman ma’muriy sudining 22-apreldagi qarori bilan huquqbuzar S.J. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi 1-qismi, 198-moddasi 1-qismi, 183-moddasi va 194-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilgan. Sud qaroriga asosan, S.J.ga besh sutkalik ma’muriy qamoq va 557 500 so‘m jarima jazosi tayinlangan.

Shuningdek, S.J.ning ma’muriy qamoqda saqlangan muddati uchun 167 250 so‘m davlat foydasiga pul undirish belgilangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan MIBning Qamashi tuman bo‘limi davlat ijrochilari I.Tursunov va boshqalarga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazildi.

Xizmat tekshiruvi natijasiga ko‘ra, holat yuzasidan fuqaro S.J. tomonidan ko‘rsatilgan vajlari o‘z tasdig‘ini topmaganligi sababli Majburiy ijro byurosi Qamashi tuman bo‘limi davlat ijrochilari A.Samiyev, I.Tursunov, Sh.Fayzullayev xizmat faoliyati davomida nojo‘ya xatti-harakatlar sodir qilmagan deb topildi va to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun Qamashi tuman prokuraturasiga yuborildi.