Ookla kompaniyasi Speedtest.net servisi mart oyi 2020-yil natijalariga ko‘ra yangi ma’lumotlarni e’lon qildi. Speedtest Global Index mobil va simli aloqa internet tezligi jahon reytingi bo‘yicha O‘zbekiston yana 7 pog‘onaga ko‘tarildi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati.

Ta’kidlanishicha, internet tezligi bo‘yicha reytingda O‘zbekiston hozirgi kunda 95-pog‘onani egallab turibdi (176 ta davlat qatorida) va bir yil ichida 36 pog‘onaga ko‘tarilgan. Bu mazkur davr bo‘yicha eng yuqori o‘sish hisoblanadi.

Oxirgi yil natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda aniqlangan internet tezligi 2,3 barobarga o‘sgan – 11,62 Mbit/soniyadan (2019-yil mart holatiga ko‘ra) 26,92 Mbit/soniyagacha (2020-yil mart holatiga ko‘ra).

Mobil internet tezligi bo‘yicha ham O‘zbekiston ijobiy natijalarni ko‘rsatdi: hozirgi kunda mamlakat 133-o‘rinni egallab, 2020-yil fevral holatiga ko‘ra bir pog‘onaga ko‘tarilgan.

Ma’lumot uchun, Speedtest portali internet tezligini tekshirish uchun umumjahon internet foydalanuvchilar tomonidan ishlatiladi. Portal foydalanuvchilar tomonidan berilgan ma’lumotlar asosida tahlil olib boradi va ma’lumotlarni doimiy ravishda reyting tayyorlaydi va e’lon qiladi.

Fevral oyining o‘rtalarida O‘zbekiston internet tezligi bo‘yicha jahon reytingida to‘rt pog‘ona yuqorilagani haqida xabar berilgandi. Shu oyning o‘zida AKT vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov mamlakatda 2020-yilda internet tezligi 10 baravar oshirilishini aytgandi.