Farg‘onadagi karantin hududidan qochib ketgan 18 yoshli fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

7-aprel kuni Qirg‘izistondan O‘zbekistonga kelgan fuqaro X.S. Farg‘ona shahar Muruvvat ko‘chasida tashkil etilgan karantin hududiga tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun yotqizilgan. Biroq u epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzib, karantin hududidan noma’lum tomonga qochib yashiringan.

Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida fuqaro X.S. Farg‘ona shahar Muborak ko‘chasida joylashgan uyda yashiringanligi aniqlanib, karantin hududiga qaytarilgan.

Mazkur holat yuzasidan 9-aprel kuni Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bunga qadar Janubiy Koreyadan qaytgan fuqaro Samarqandda karantindan qochgani va u Denovda qamoqqa olingani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Parkentda va Nukusda karantindan qochgan fuqarolarga nisbatan ham jinoyat ishi ochilgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda karantin qoidalariga amal qilmaganlar soni qariyb 40 ming kishiga yetgan.