25-mart kuni charter reysi bilan Istanbuldan Farg‘onaga uchgan 63 yoshli fuqaro vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Nogironligi bo‘lgan 63 yoshli fuqaroning ahvoli samolyotda og‘irlashgan. Unda yurak yetishmovchiligi, oyoq va qo‘llarida harakatsizlik kuzatilgan. Farg‘ona shahar xalqaro aeroportiga maxsus jihozlangan reanimobil tez tibbiy yordam mashinasi o‘z vaqtida yetib kelgan.

Shundan so‘ng, bemorga zudlik bilan reanimatsion muolajalar ko‘rsatilgan. Mashina ichida unga yurak, nafas tizimini yaxshilash uchun muolajalar bajarilib, defibrilyatsiya amaliyoti tezkorlik bilan o‘tkazilgan. Standartlar bo‘yicha o‘tkazilgan muolajalarga qaramasdan, bemor vafot etgan.

Unga bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi, o‘tkir yurak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan. Ayni paytda sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Jakartadan charter reys bilan Buxoroga olib kelingan o‘zbekistonliklar “Jo‘yizar” sog‘lomlashtirish maskanida karantinga olingani haqida xabar berilgandi. 23-mart kuni O‘zbekistonning 253 nafar fuqarosi charter reys orqali Novosibirskdan olib kelingan, Seuldan charter reys orqali olib kelingan 196 nafar o‘zbekistonlik Namangandagi “Chortoq” sanatoriysiga joylashtirilgan.