Toshkent shahar IIBB xodimlari 20-martga o‘tar kechasi koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan bir qator tadbirlarni o‘tkazdi, deya xabar bermoqda idora matbuot xizmati.

Foto: Toshkent shahar IIBB

“Spa-salonlar, tungi klublar, diskotekalarda o‘tkazilgan profilaktik suhbatlar davomida ushbu muassasalarning rahbarlariga faoliyatni vaqtincha to‘xtatib turish maqsadga muvofiq tushuntirib berildi”, — deyiladi IIBB axborotida.

Qo‘shimcha qilishlaricha, ushbu tadbirlar davomida fohishalik bilan shug‘ullanishda gumon qilingan 13 nafar qiz aniqlangan.

“E’tiborli tomoni, ularning bir necha nafari muqaddam Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 190-moddasi (fohishalik bilan shug‘ullanish) bo‘yicha javobgarlikka tortilgan”, — deya ta’kidlanadi rasmiy axborotda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi 19-mart kuni mamlakatda massaj salonlari, diskotekalar, diskobarlar, bolalar o‘yin zallari faoliyatini vaqtincha to‘xtatish haqida qaror qabul qilgan edi.

Ushbu yangilik yuzasidan bayonot berarkan, Davlat soliq qo‘mitasi “tadbirkorlik subyektlaridan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga xayrixoh bo‘lishni” so‘ragan, aholiga “karantin davrida bunday muassasalarga tashrif buyurmaslikni” tavsiya qilgan edi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 20-mart soat 20:00 holati bo‘yicha 33 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlangan.