2020-yilning 28-fevral kuni Guliston shahri, “Namuna” MFY, Xalqlar do‘stligi ko‘chasida joylashgan “Kamronbek xojabek Nur” MChJga qarashli avtomashinalarni yuvish shoxobchasida MIB xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilib, unda korxona egasining elektr tarmog‘iga ulangan hisoblagich ichiga ko‘z ilg‘amas holda yashirin ravishda elektr ta’minoti hisobiga ta’sir etuvchi, pult bilan boshqariladigan chip moslamasini o‘rnatib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelinayotgani fosh etildi. Bu haqda MIB Sirdaryo viloyati boshqarmasi xabar qilgan.
MIB Sirdaryo viloyati boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tkazilgan surishtiruv harakatlari davomida “Kamronbek xojabek Nur” MChJ rahbari A.Yu. tomonidan ta’minot korxonasi manfaatlariga 23 million 74 ming 605 so‘m miqdorida zarar yetkazilgani aniqlangan.
MChJ rahbari sarflangan elektr energiyasiga to‘lanadigan pulni iqtisod qilish maqsadida elektr hisoblagichni yashirin ravishda pult bilan boshqarib kelganini tan olib, qilgan ishidan pushaymonligini aytgan.
“Hozirgi kunda MIBning Sirdaryo viloyat boshqarmasi surishtiruv va ma’muriy amaliyot sho‘basi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borish jarayonida aniqlangan zarar to‘liq undirilib, “ixtirochi”ga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishi ta’minlangan”, – deyiladi xabarda.