Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-yanvardagi “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 6-sonli qaroriga muvofiq Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tanlov o‘tkazib, g‘oliblarni aniqladi.
“Tashkilotlarning barcha bo‘linmalari miqyosida tashkil etilgan sog‘lomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlarini muntazam ravishda o‘tkazganligi uchun” nominatsiyasida Toshkent viloyati tomonidan tavsiya etilgan “Maxam-Chirchiq” aksionerlik jamiyati g‘olib, deb topildi. Tashkilot 100 ballik tizimda 85 ball jamg‘ardi. Navoiy viloyatidan tavsiya etilgan Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamoasi esa 65 ball bilan ikkinchi bo‘ldi. Kuchli uchlikni Qashqadaryo viloyati nomzodi yakunlab berdi.
“Aholining keng qatlamlari o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish, ommaviy sport tadbirlarini tashkil etganligi uchun” nominatsiyasida g‘oliblik uchun vazirlikning hududiy boshqarmalari kurash olib bordi. Bunda 1-o‘rinni 65 ball bilan Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi egallagan bo‘lsa, kuchli uchlikdan Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari joy oldi.
2019-yil yakunlari bo‘yicha tanlov g‘oliblari “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni hamda O‘zbekiston Respublikasida o‘rnatilgan eng kam ish haqining 50 baravari miqdorida pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. G‘oliblarni tantanali taqdirlash marosimi esa yaqin kunlarda vazirlik binosida o‘tkaziladi.
Izoh (0)