Taniqli kuvaytlik bloger va jamoat arbobi Salva al-Motiriy koronavirusni davolash bo‘yicha go‘yoki o‘zi yaratgan usul uchun bir milliard Kuvayt dinori (3,2 milliard dollar) talab qildi. Bloger o‘z ishini Kuvaytdagi Xitoy elchixonasiga olib kelgan. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: “RIA Novosti”

Bloger Snapchat orqali e’lon qilgan videosida Xitoy elchixonasi oldida ekanligini aytgan va Xitoy elchisi nomiga yozilgan xatni ko‘rsatgan.

Xitoy elchixonasi oldiga borishdan oldin bloger o‘zining YouTube’dagi kanaliga video joylagan. Videoda u o‘zi ishlab chiqqan koronavirusni davolash usuli uchun uning bankdagi hisobraqamiga bir milliard Kuvayt dinori o‘tkazishni talab qilgan. Mazkur video foydalanuvchilarning qizg‘in muhokamalariga sabab bo‘lgan.

Shu tariqa, bloger xitoylik aktyor Jeki Channing koronavirus davosini topgan kishiga bir million yuan (143 ming dollar) mukofot berishi haqidagi va’dasiga javob qaytardi.

Avvalroq Jeki Chan koronavirusga qarshi vaksina yaratgan insonga 143 ming dollar va’da qilgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh ijrochi direktori Sumiya Svaminatan COVID-19 koronavirusiga qarshi vaksinalarni insonda sinovdan o‘tkazish to‘rt-besh oydan so‘ng boshlanishini ma’lum qilgandi. Ekspertlar esa koronavirusga qarshi birinchi vaksina 18 oydan keyin paydo bo‘lishi mumkinligini aytgan. Xitoy kompaniyasi esa koronavirus infeksiyasiga qarshi potensial vaksina sotuvga chiqishini e’lon qildi. Gonkong esa koronavirusga qarshi vaksina yaratilganini ma’lum qilgan edi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda koronavirus oqibatida vafot etganlar soni 2 ming kishidan oshib ketgan.