Fix Price do‘konlari tarmog‘ini boshqaruvchi “Best Prays” MChJ O‘zbekistonda tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishga so‘rov yubordi. Bu Intellektual mulk agentligining “Intellektual mulk” ma’lumotlar tizimida aks etgan.

Foto: Yandex

Kompaniya Fix Price’ning lotin va kirill alifbolarida 5 ta tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazadi.

Foto: “Spot”

Foto: “Spot”

2019-yil yozida kompaniya Toshkent shahrida yangi xodimlarni ishga olishni boshlagan va ushbu jarayon bugungi kunda ham davom etmoqda.

O‘zbekistonda ‘fix-price.uz’ domeni ham ro‘yxatdan o‘tkazilgan. “Spot” nashrining yozishicha, ekspertlar domenning band qilinishi kiberskvotting bo‘lishi mumkinligi, sababi bu haqda ‘Fix-price’ yangi xodimlarni ishga olishni boshlagani haqidagi xabarlar tarqalganidan keyin ma’lum bo‘lgani va domenni ro‘yxatga olgan shaxs Buxoro viloyatida istiqomat qilishi shubhali tuyulmoqda.

Fix Price do‘konlar tarmog‘i variety store, pound shop, dollar store va boshqa nomlarda tanilgan “barcha narxlar aniq belgilab qo‘yilgan do‘kon” formatida ishlaydi.

Bu universal chakana savdo do‘konida turli oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari bir xil belgilangan narxda, deylik, 25 ming so‘mdan sotiladi.

Ushbu yangi formatdagi chakana savdo shaklini 1879-yili AQShda shaxsiy va uy sharoitida foydalaniladigan turli mahsulotlarni 5 sentdan pullagan Frenk Uinfild Vulvord o‘ylab topgan.

Vulvord o‘ylab topgan bu savdo konsepsiyasi Shimoliy Amerika va G‘arbiy Yevropa, shuningdek, dunyoning boshqa mamalakatlarida keng yoyilgan.