“Daryo” saytida  haftaning eng muhim va muhokamali xabarlari sharhini boshlaymiz. Aytish lozimki, haftalik xabarlarimizda pozitiv ruh ozroqdir.

Surxondaryoning Sariosiyo tumanida militsiya xodimlari va mahalliy fuqarolar o‘rtasidagi to‘qnashuv bu hafta jamoatchilikning diqqatida bo‘ldi. Faqat tabiati emas, odamlari ham qaynoq bo‘lgan tumanda noqonuniy uy-joy qurib olganlarni ko‘chirish ishlari boshlangan edi. Dastavval uyini buzuvchilardan himoyalash uchun bolta ko‘tarib olgan ayolning videosi tarmoqlarda aylana boshladi. Ayol ikkita bolasi bilan ko‘chada qolmaslik uchun uybuzarlarni boltalash va benzin sepish yoqib yuborishga ham tayyorligini bildirgan. Ayolning bunchalik g‘azablanishiga sabab hokimlik kelishuv bitimi qilib yangi uy qurib bermaganidir.

Bu holatga aniqlik kiritish maqsadida tuman hokimligi vakili, tuman prokurori, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, viloyat kadastr korxonasi tuman filiali mas’ul xodimlaridan iborat ishchi guruh manzilga chiqib, tushuntirish ishlarini olib borganligi aytildi. Ammo ayni o‘sha Sariosiyo tumanida fuqarolar tayoq, bolta, belkurak va toshlar vositasida uy buzuvchilarga qarshi isyon qilgan. O‘rtada katta janjal chiqqan. IIB xodimlari va fuqarolar jarohat olgan.

Kadr: YouTube

Fuqarolar belgilanmagan joyga noqonuniy uy qurib olishi oqlab bo‘lmaydigan holat. Bu holat ommalashsa kelgusida keng ko‘lamli muammolarni keltirib chiqarishi, xususan oziq-ovqat taqchilligi bilan ro‘para kelishimiz mumkin. Biroq ularning bemalol uy qurishiga ruxsat bergan mutasaddilarni tekshirish, noqonuniy holatlar aniqlanganda esa keskin to‘qnashuvlarsiz maqsadga erishish eng to‘g‘ri yo‘ldir.

* * *

Ba’zida shunday dahshatli xabarlar tarqaladiki, uni sodir qilganlar insonmikan, deb o‘ylab qolasan. Odamzotni o‘limdan asrab qolgan itlar, otlar, yovvoyi hayvonlar haqida o‘qiganmiz. Biroq murg‘ak chaqaloqni suvga irg‘itib yuborgan odamdan ko‘ra o‘sha hayvonda odamiylik kuchliroq, desak xato qilmasak kerak. 10-fevral kuni Toshkentning Bunyodkor ko‘chasi bo‘ylab oqib o‘tadigan kanalda beliga tosh bog‘langan chaqaloq jasadi topilgan. Joyga Chilonzor tumani IIO FMB va prokuratura rahbarlari yetib kelgan. Ish Toshkent shahar IIB nazoratiga olingan. Hozircha boshqa narsa ma’lum emas.

Channel of Kama kanali ushbu voqeaga bag‘ishlab blogpost yozdi.

* * *

Keng xalq ommasiga uncha tanish bo‘lmagan “Ilhom” teatrining bo‘shatib qo‘yilishi mashmashasi bu haftada hokimlik va vazir e’tiborida bo‘ldi. “Ilhom” teatri joylashgan binoning egasi Ofelos Plaza kompaniyasi shahar markazidagi inshootning yoqimsiz ko‘rinishi poytaxt manzarasini buzib turganini asos sifatida keltirgan. Teatr binosi Ofelos Plaza kompaniyasiga qarashlidir, biroq jamoa shu paytgacha binodan beg‘araz asosda foydalanib kelgan. Teatr jamoasi qattiq qarshilik ko‘rsatib, “Bugun ‘Ilhom’ butun dunyoga mashhur bo‘lgan zamonaviy san’at markazidir”, degan va jamoatchilikdan yordam so‘ragan.

Shundan so‘ng “Ilhom”ga qo‘llov kuchayib ketdi. Saida Mirziyoyeva “Biz teatrimizni hech kimga xafa qildirib qo‘ymaymiz”, deb bayonot bergan bo‘lsa, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov teatr joyida qolishini aytdi. Shunday qilib, Madaniyat vazirligining matbuot xizmati “Ilhom” muammosiga nuqta qo‘ydi.

* * *

Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining formasi endi archa yoki bodringdek yashil rangda emas, ko‘k bo‘lishi mumkin. Toshkentda YPX xodimlari yangi formaning ikkinchi variantini sinovdan o‘tkazishni boshladi. 12-fevraldan YPX xodimlariga sinov tariqasida yangi xizmat liboslari tarqatildi. Ushbu forma bahor-kuz mavsumlariga hamda qishning havo harorati plyus bo‘lgan kunlariga mo‘ljallangan. Endi militsiya xodimlarining formasi ko‘kligicha qoladi, deb o‘ylashi asossiz, zotan bu libosning navbatdagi versiyasini amaliyotda sinab ko‘rish jarayonidir.

Foto: IIB matbuot xizmati

* * *

O‘zbekistonda yana bir vazirlik tashkil etilishi aytildi. Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan selektorda mahallalarda to‘planib qolgan muammo va kamchiliklarga samarali yechim topish, tinchlik-osoyishtalikni asrab-avaylash yo‘lida barcha sa’y-harakatlarni birlashtirish shartligini ta’kidlandi hamda ushbu ulkan sohaga mas’ul alohida davlat idorasi – Mahalla va oila masalalari vazirligini tashkil etish taklifi bildirildi. Yangi vazirlik mahalladan tortib respublika darajasigacha 40 mingdan ortiq xodimni birlashtiradi.

Shunday qilib, O‘zbekistonda vazirliklar soni 24 taga yetdi. Uchta vazirlik yangilandi, 11 ta vazirlik yangitdan tashkil qilindi, 10 ta vazirlik eskitdan bor.

Shunga yaqin yana bir xabar. Yoshlarning qonun ijodkorligi jarayonidagi ishtirokini yanada kengaytirish maqsadida Yoshlar parlamenti tashkil etiladi.

* * *

O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva Dubay amirligi shayxi Manal bint Muhammad bin Rashid al-Maktum taklifiga binoan, 2020-yilgi Butunjahon ayollar forumida qatnashdi. Forum 16—17-fevral kunlari Dubayda bo‘lib o‘tadi. Unga taklif etilganlar orasida AQShning birinchi xonimi Ivanka Tramp, Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Tereza Mey kabi dunyoning nufuzli ayollari ham bor. Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlar haqida ma’ruza qildi.

* * *

14-fevral kuni O‘zbekiston bo‘ylab 10 ta OTMda rektor o‘zgardi. Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Toshkent davlat stomatologiya instituti, Jizzax davlat pedagogika instituti, Navoiy davlat pedagogika instituti, Namangan davlat universiteti, Namangan muhandislik-qurilish instituti, Samarqand davlat tibbiyot instituti, Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti va Qo‘qon davlat pedagogika instituti rektorlari lavozimidan ozod etildi.

Rektorlarni yoppasiga ishdan bo‘shatish kamdan-kam yuz bergan. Buning sababi nimada? 31-yanvar kuni prezident “Yaqinda ko‘p rektorlar ishdan olinadi. Mening stolimda turgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu rektorlar bilimi, saviyasi va vatanparvarlik darajasi bilan rektor bo‘lish u yoqda tursin, hatto qorovul bo‘lishga arzimaydi”, degandi.

* * *

XX asrning 80-yillarida O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotida ro‘y bergan voqealar “paxta ishi” sifatida tarixga kirgan bo‘lib, Gdlyan va Ivanov boshchiligida markazdan tashlangan “desant”chilar xalqimiz boshiga solgan kulfatlarni bugun taassuf bilan eslaymiz. Biroq O‘zbekistonda hamma toza ishlaydi, deb bayonot berishdan tiyilish lozim, chunki “paxta ishi” hanuz davom etayotganiga bu hafta guvoh bo‘ldik.

Foto: “Sof.uz”

2019-yilda respublika bo‘ylab qariyb 143 ming tonna paxta qo‘shib yozilgan. Shundan 120,6 ming tonnasi paxta ishlab chiqarishlari va klasterlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Surxondaryo viloyatida esa “rasman yetishtirilgan” deb ko‘rsatilgan paxta hosilining 26,5 foizi havodan olib yozilgan.

Viloyatlar kesimida tahlil qilinganda Surxondaryoda 71,9 ming tonna (26,5 foiz), Farg‘onada 37 ming tonna (15,5), Toshkentda 22,9 ming tonna (10,4); Jizzaxda 7,7 ming tonna (3,7), Namanganda 2,6 ming tonna (1,3), Andijonda 0,821 ming tonna (0,3) paxta xomashyosi haqiqatda qabul qilinganga nisbatan ko‘p ko‘rsatilgan.

“Daryo” yangiliklarini kuzatib boring. O‘zbekiston va dunyo xabarlaridan eng birinchi xabardor bo‘ling.