Mahalliy xomashyodan import o‘rnini bosuvchi va eksportbop keramika mahsulotlarini ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga joylashtirildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qaror Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, “Ipoteka bank” ATBning respublika hududlarida keramik qurilish materiallari va mahsulotlari ishlab chiqarishni 2019—2020-yillarda tashkil etish uchun qaror loyihasi ilovasida keltirilgan loyihalarni moliyalashtirish maqsadida xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklarning 150 million dollaridan kam bo‘lmagan miqdordagi uzoq muddatli imtiyozli kredit liniyalarini jalb qilish va foydalanish taklifiga rozilik berishni ko‘zda tutadi.

Bunda “Ipoteka bank” ATB kreditlarining:

  • zamonaviy asbob-uskunalar, texnika, texnologiyalar, transport vositalari, qurilish materiallari sotib olish hamda qurilish va rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish uchun loyiha qiymatining 70 foizidan oshmagan miqdorda;
  • muddati 7 yilgacha bo‘lgan foiz stavkasi milliy valyutadagi kreditlar uchun — Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasining 1,5 barobaridan oshmagan miqdorda, xorijiy valyutadagi kreditlar uchun — xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklardan jalb qilingan shartlar hamda “Ipoteka bank” ATBning 1 foizga teng marjasi qo‘shilgan miqdorda ajratish tavsiya etiladi.
  • Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga “Ipoteka bank” ATB hamda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bilan kelishgan holda, loyihalarning qiymati va ish o‘rinlari sonini saqlab qolish sharti bilan ularga o‘zgartirish kiritish huquqi beriladi.

Qaror ilovasida keltirilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda:

  • Prezidentning 2019-yil 23-maydagi PQ-4335-son “Qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining 4-bandida nazarda tutilgan barcha imtiyozlar tatbiq etiladi;
  • qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashdan ozod etilmagan asbob-uskunalar, ehtiyot qismlari va butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar importida bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashni loyihalar ishga tushgunga qadar, biroq 270 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi.
  • Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda tegishli ishlab chiqarish infratuzilmasiga ega bo‘sh turgan davlat mulki obyektlarini import o‘rnini bosuvchi va eksportbop qurilish materiallarini va keramik mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish uchun ilovada keltirilgan loyiha tashabbuskorlariga belgilangan tartibda taqdim etadi.

Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bilan birgalikda qaror ilovasida ko‘rsatib o‘tilgan loyiha tashabbuskorlariga keramik mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun xomashyo mavjud bo‘lgan noruda foydali qazilmalari yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish yo‘li bilan berilishini ta’minlaydi.