O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi U-23 Osiyo chempionati—2020 yarim finalida Saudiya Arabistoniga yutqazib qo‘ydi (0:1).

Foto: O‘FA

Uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida har ikki jamoa bosh murabbiylari o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Dastlab o‘zbekistonliklar ustozi Lyubinko Drulovich o‘yin haqida fikrlarini bildirib o‘tdi.

“Juda qiyin o‘yin bo‘ldi. Dam olish uchun kam kun bo‘lgani baribir o‘z so‘zini aytdi. Lekin bugun yomon o‘ynamadik. Ko‘proq imkonityalarga ega bo‘ldik. Birgina Bobur Abduxoliqovda uchta yaxshi vaziyat bo‘ldi. Afsuski, foydalana olmadik. O‘yin oxiri raqib uchun omadli o‘tdi. Saudiyaliklarni g‘alaba bilan tabriklayman. Endi kelgusi o‘yinlarga yaxshi tayyorlanishga harakat qilaman”.

—  1 yildan beri O‘zbekiston terma jamoasidasiz. Nima deb o‘ylaysiz, nega bosh terma jamoa ham, yoshlar ham o‘yin oxirida imkoniyatni boy berib qo‘ymoqda?

—  Bilmadim. Bunga izoh berish qiyin. Bugungi o‘yindagidek birgina xato vaziyatni butunlay o‘zgartirib yuborishi mumkin. Futbol shunisi bilan ham boshqa sportlardan farq qiladi. Bugungi o‘yin o‘tib bo‘ldi. Endi buni unutgan holda bor e’tiborimizni keyingi bahsga qaratamiz.

—  Bugun mag‘lubiyat bo‘lsa-da, Olimpiada yo‘llanmasi uchun imkon bor. Yigitlarni tayyorlashga ulgurasizmi?

— Avvalo, natijaga erishish uchun o‘zimizni ishontira olishimiz kerak. Endi keyingi o‘yinga borimizni berib tayyorlanamiz. Hozir yigitlarni ham ruhiy jihatdan tayyorlash kerak. Olimpiadaga yo‘llanma qo‘lga kiritish O‘zbekiston uchun qanday muhim ahamiyat kasb etishini tushinib turibmiz. Nasib qilsa, kelasi uchrashuvda bu ishonchni oqlaymiz.

Shundan keyin Saudiya Arabistoni ustozi Saad Ali al-Shehri o‘z fikrlarini bildirdi.

“Hozir hayajondan biror gap kelmayapti. 24 yildan beri Olimpiada yo‘llanmasini kutayotgan edik. Bu bilan butun jamoamni tabriklayman. Saudiya Arabistoni futbolda Osiyodagi eng kuchli jamoa bo‘lib qaytmoqda”.

—  Agar uchrashuv so‘ngida gol ura olmaganingizda ham shunday o‘ynashda davom etarmidingiz?

—  O‘zbekiston musobaqaning amaldagi g‘olibi. Bu jamoada juda ko‘p mahoratli o‘yinchilar yig‘ilgan. Biz ekstra-taymga ham sekin tayyorlanayotgan edik. Omad yakunda biz tomonda bo‘ldi. O‘zbekistonga keyingi uchrashuvda omad tilayman.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!