O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi 15-yanvar, chorshanba kuni Osiyo chempionati—2020 3-turida Janubiy Koreya bilan o‘ynadi.

Foto: O‘FA

Uchrashuvning 5-daqiqasidayoq koreyaliklar oldinga o‘tib oldi, Chon Sin Vonning uzoqdan yo‘llangan zarbasi yo‘l-yo‘lakay O Se Hunga tegib, Abduvohid Ne’matov darvozasidan joy oldi. Bunga o‘zbekistonliklar 21-daqiqaga kelib javob qaytardi. Aziz G‘aniyevning uzatmasidan keyin Bobur Abduholiqov boshi bilan zarba bergan holda muvozanatni tikladi.

71-daqiqada O Se Hunning jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasini Ne’matov qaytara olmadi. Qolgan vaqtda hisob o‘zgarmadi.

Parallel kechgan o‘yinda Eron olimpiyachilari Xitoy bilan bahs olib bordi. Uchrashuvning 87-daqiqasida Omid Nurafkon penaltini golga aylantirgan holda jamoasini oldinga olib chiqdi.

Shu tariqa O‘zbekiston va Eron guruhni 4 ochko bilan yakunladi, Drulovich shogirdlari to‘plar nisbati bo‘yicha ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi va chorak finalga yo‘l oldi.

U23 Osiyo chempionati—2020

3-tur bahslari

15-yanvar, chorshanba

C guruhi

O‘zbekiston — Janubiy Koreya 1:2

Gollar: 0:1 — 5 O Se Hun, 1:1 — 21 Abduholiqov, 1:2 — 71 O Se Hun

Xitoy — Eron 0:1

Gol: 0:1 — 87, penalti Omid Nurafkon

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!