Xalqaro matbuot markazida Xalqaro press-klubning “Press-qahva” loyihasi bo‘lib o‘tdi. ​ “Press qahva” siyosiy debati Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: O‘zA

Mazkur debat chog‘ida O‘zbekistondagi ishsizlik, mehnat migrantlari, hududlar kesimida ish bilan band bo‘lmagan aholi soni qancha ekani va boshqa tizim faoliyatiga oid masalalar muhokama qilindi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ​ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda iqtisodiy nofaol aholi 205 ming nafarga kamaygan. Ishsizlik darajasi 9 foizdan 8 foizga tushgan. Mamlakatdagi ishsizlar soni 1,3 million nafarni tashkil etmoqda. Ulardan 32 ming nafari kasbga o‘rgatish kurslariga jalb etilgan. 50 ming nafar aholiga ishsizlik nafaqasi beriladi. Ayni damda 304,5 ming ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Ma’lum qilinishicha, ishsizlik darajasi eng yuqori bo‘lgan hududlar Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari hisoblanadi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mazkur viloyatlarda ishsizlikni kamaytirish bo‘yicha ishlar olib bormoqda.​

Bundan avval 2020-yilda O‘zbekistonda ishsizlik nafaqasi ikki barobarga ko‘payishi haqida xabar berilgan edi.