11-noyabr Birinchi jahon urushi tugagan kun hisoblanadi. Ushbu sana insoniyat tarixidagi eng mudhish urushlardan biri tugagan kundir. Shu munosabat bilan “Daryo” kolumnisti G‘ayrat Yo‘ldosh ushbu sana atrofidagi voqealar haqida hikoya qiladi.

Foto: Wikipedia

Dunyoda urushlar juda ko‘p bo‘lgan. Ularning aksariyati ma’lum bir hududlarning o‘zida bo‘lib o‘tgan. XX asr boshida ilk marta jahon miqyosidagi urush bo‘ldi. Bu urush uch qit’ada, ko‘plab davlatlar hududida bo‘lib o‘tdi va tarixda Birinchi jahon urushi nomini oldi.

Birinchi jahon urushi boshlanishiga sabab bo‘lgan voqea

Bundan 105 yil avval – 1914-yil 28-iyun kuni Avstriya-Vengriya imperiyasi valiahdi, ersgersog Frans Ferninand Bosniyada, Sarayevo shahriga tashrifi chog‘ida otib o‘ldirildi.

Shundan so‘ng Avstriya-Vengriya imperiyasi Serbiyadan qisqa muddatda qotillarni topib topshirishni talab qildi. Talabni belgilangan vaqtda bajarishni imkoniyati bo‘lmadi. Shu tariqa Avstriya-Vengriya Serbiyaga urush e’lon qildi. O‘zaro manfaatlar yuzasidan bir-biri bilan kelisha olmagan davlatlar navbati bilan bir-biriga qarshi urush e’lon qilaverdi. Germaniya Rossiya, Fransiya, Buyuk Britaniyaga, yana qaysidir davlatlar esa Germaniya va Avstriya-Vengriyaga qarshi urush e’lon qildi. Urushayotgan tomonlarning boshqa qit’alarda ham egalik qilayotgan hududlari borligi uchun urush asta-sekinlik bilan Yevropadan boshqa qit’alarga ham tarqaldi. Afrika, Osiyo va Tinch okeanidagi orollarda janglar boshlanib ketdi va shu tariqa jahonning turli nuqtalarida urush olovi yoqildi.

Urushning so‘nggi kunlari

1918-yilning sentabr oyiga kelib, ruslar bilan tinchlik kelishuviga erishilib, sharqiy frontdagi harbiylar g‘arbga o‘tkazilgan bo‘lsa ham, Germaniyaning urushda yutqazishi aniq bo‘ldi. Germaniya AQSh prezidenti Vilson tomonidan ilgari surilgan 14 banddan iborat shartni qabul qilish masalasini muhokama qila boshladi.

Foto: Wikipedia

30-sentabr kuni Georg fon Gertling boshliq hukumat iste’fo berdi. Uning o‘rniga Maksimilian Badenskiy kansler etib tayinlandi. Unga raqiblar bilan sulhga erishish topshirig‘i berildi.

4-oktabr kuni Germaniyaning yangi hukumati AQSh prezidenti Vilsonga shartlar masalasida muzokaraga tayyor ekanini bildirib xabar yubordi. Ammo AQSh endi sulh haqida muzokara o‘tkazilmasligini, balki “Germaniya so‘zsiz taslim bo‘lish haqidagi o‘ylab ko‘rishi lozimligini” bildirdi.

24-oktabr kuni Germaniya armiyasining quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni Lyudendorf Vilsonning shartlarini “qabul qilib bo‘lmas” deb baholadi va imperatorning raqiblar bilan muzokara o‘tkazish haqidagi buyrug‘iga ters ravishda qo‘shinlarga jangni davom ettirishga buyruq berdi. Lyudendorf zudlik bilan Berlinga chaqirib olindi va iste’foga chiqarildi.

30-oktabrda Usmonlilar saltanati taslim bo‘lib, urushni to‘xtatdi.

3-noyabrda esa Avstriya-Vengriya ittifoqchilar oldida taslim bo‘ldi. Shundan keyin Germaniya tomoni ittifoqchilar oldida taslim bo‘lmasa bo‘lmasligini tushunib yetdi va 5-noyabrdan harbiy harakatlarni to‘xtatdi. Ungacha esa 4-noyabr kuni mamlakatda inqilob boshlanib ketdi.

6-noyabr kuni Germaniya vakillari Fransiyaga tashrif buyurdi. 8-noyabr kuni Germaniya delegatsiyasi Kompyen o‘rmonidagi muzokara o‘tkaziladigan joyga etib keldi.

9-noyabr kuni Maksimilian Badenskiy Germaniyaning so‘zsiz taslim bo‘lish haqidagi shartni qabul qilishdan o‘zga chora yo‘qligini tushunib yetib, o‘zidagi vakolatlarni sotsial-demokratlar vakili Fridrix Ebertga topshirdi. 10-noyabr kuni Maksimilian Badenskiyning yordamchisi Filipp Sheydeman Germaniyada yakkahokimlik tugatilgani va respublika e’lon qilingani haqida e’lon qildi.

1918-yil 11-noyabr erta tongda Fransiyada, Kompyen o‘rmonidagi muzokara joyida bo‘lib turgan Germaniya vakillari Fransiya marshali Ferdinand Foshning temiryo‘l vagonida ittifoqchilar bilan so‘zsiz taslim bo‘lish haqidagi hujjatlarga imzo qo‘ydi.

Kompyen o‘rmonidagi kelishuv.

Foto: Wikipedia

Oradan bir necha soat o‘tib, ramziy o‘n birinchi oyning o‘n birinchi sanasida, soat 11:00 da to‘plar Birinchi jahon urushi tugagani haqida zalp otib xabar berdi va shu tariqa Birinchi jahon urushi tugadi.

1-Jahon urushi tuganidan so‘ng

Urushida jami 38 davlat qatnashgan. Ularda 1,5 milliard aholi yashardi. Urushga jalb qilingan va harbiy harakatlarda qatnashgan odamlar soni 70 million kishidan oshiq bo‘lgan. Urushda 10 million harbiy, yana shuncha tinch aholi halok bo‘lgan.

Urush natijasida dunyodagi eng yirik va qudratli to‘rt imperiya: Rossiya, Germaniya, Avstriya-Vengriya va Usmonli saltanati quladi. Ulardan ikkitasida — Rossiya va Germaniyada urush tugamasidanoq inqiloblar bo‘lib o‘tdi. Yana ikki imperiya — Avstriya-Vengriya va Usmonli saltanati esa urush tugaganidan so‘ng parchalanib ketdi.

Urushda yengilgan Germaniya imperiyasida inqilob bo‘lib o‘tdi. Uning natijasida imperiya yiqitilib, 1919-yilda respublika e’lon qilindi. 1919-yildagi Versal shartnomasiga ko‘ra, bu mamlakat urush tufayli 1/7 hududidan ayrildi. Shuningdek, Germaniya Afrika va boshqa qit’alardagi barcha mustamlakalaridan ayrildi. 1921-yilda urush zararlari hisoblanib chiqilganidan so‘ng Germaniyaga g‘oliblarga 132 milliard oltin marka tovon to‘lash majburiyati qo‘yildi.

Avstriya-Vengriya urushgacha ko‘plab mamlakatlarni qo‘l ostida majburan ushlab turgan katta bir imperiya edi. Chexiya, Slovakiya, Vengriya, Polshaning bir qismi, Bosniya, Sloveniya, Xorvatiya va ko‘plab boshqa katta-kichik hududlar imperiya tarkibida edi. Urushdan so‘ng u parchalanib, Chexoslovakiya, Vengriya, Avstriya kabi mustaqil davlatlar paydo bo‘ldi.

Foto: Wikipedia

Urushda Germaniya va Avstriya-Vengriya imperiyalari tomonida turib urishgan Usmonli saltanati ham katta hududlarini yo‘qotdi. Bu yerda ham inqilob amalga oshirildi. Bo‘lib turgan taloto‘plardan foydalanib, mamlakatga hujum qilgan Yevropa davlatlarining birlashgan qo‘shinini yenggan Mustafo Kamol Otaturk saltanat o‘rnida Turkiya respublikasi tuzilganini e’lon qildi.

Birinchi jahon urushida Germaniya va Avstriya-Vengriya imperiyasi tomonida bo‘lgan Turkiya urush tugaganidan so‘ng Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq, Arabiston yarim orolidagi hududlaridan ayrildi. Misr, Falastin, Arabiston yarim oroli, Iordaniya, Iroq Buyuk Britaniya qo‘l ostiga o‘tdi. Suriya va Livan Fransiya mustamlakasiga aylandi. Egey dengizidagi ko‘plab orollar: Lemnos, Samotraki, Lesbos, Xios, Samos, Ikariya Gretsiyaga berildi.

Rossiya g‘oliblar qatorida bo‘lsa ham, ancha hududlarini yo‘qotdi. 1917-yilda, hali urush davom etayotgan vaqtda Rossiyada inqilob bo‘lib o‘tdi, imperiya qulatildi.

Mamlakatni bolsheviklar egallab oldi. Inqilob oqibatida mamlakatda fuqarolar urushi boshlanib ketdi. Bir paytlar Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingan mintaqalarda ozodlik harakatlari boshlandi. Ammo Lenin ularning hammasini qonga botirib, bostirishga muvaffaq bo‘ldi. Shu jumladan, Markaziy Osiyoda ham ozodlik harakatlari ayovsiz bostirildi. Oqibatda aksar milliy hududlar amalda Rossiya imperiyasi o‘rniga paydo bo‘lgan SSSR mustamlakasi bo‘lib qoldi. Rossiya tarkibida bo‘lgan Finlyandiya, Polsha, Ukraina, Belarus, Litva, Latviya va Estoniya mustaqil bo‘ldi.

Birinchi jahon urushining tugashi nishonlanmoqda. Buyuk Britaniya

Foto: BBC

Shu tariqa, Birinchi jahon urushi Yer kurrasi siyosiy xaritasini ancha o‘zgartirib yubordi. Imperiyalar quladi. Yangidan yangi mustaqil davlatlar tashkil topdi va ular Ikkinchi jahon urushi boshlangancha yashadi. Endi asosiy savolga o‘tsak.

Dunyo xalqlari taqdirini o‘zgartirib yuborgan Birinchi jahon urushi tugagan 11-noyabr nega 9-may kuniday bayram qilinmaydi?

Buning bir qancha sabablari bor.

1) Birinchi jahon urushi, garchi jahon urushi bo‘lsa-da, oddiy urush edi va unda fashizmga o‘xshagan insoniyatga xavf soladigan g‘oya bo‘lmagan;

2) urushning tugashi Germaniyaning so‘zsiz taslim bo‘lishi bilan tugagan bo‘lsa ham ittifoqchilar Germaniyani bosib olmagan, talamagan. Shunchaki har ikki taraf qo‘shinlari front chizig‘ida to‘qnashib turgan holida orqaga qaytgan;

3) Germaniyaning taslim bo‘lishi ham sulhlar bilan tasdiqlangan. 1919-yil 28-iyunda Germaniya g‘olib davlatlar bilan birgalikda Parijda o‘tkazilgan Birinchi jahon urushining tugashiga bag‘ishlangan Tinchlik konferentsiyasida  Versal tinchlik bitimini imzoladi.

Birinchi jahon urushining tugashi nishonlanmoqda. Buyuk Britaniya

Foto: BBC

Umuman olganda, urush tugaganidan so‘ng urush g‘oliblari Germaniya bilan Versal, Avstriya bilan Sen-Jermen, Vengriya bilan Trianon, Bolgariya bilan Nyoyisk shartnomasi tuzildi va tomonlar boshqa urushmaslikka kelishib, do‘stona xayrlashdi;

4) g‘alaba bayramlarini nishonlashni juda ham yoqtiradigan va rosa maromiga yetkazib tantana qiladigan ruslar bu urushda Germaniya bilan sulh tuzib urushdan chiqqan va shu uchun ham Rossiyada 11-noyabr g‘alaba bayrami sifatida nishonlanmagan. Qolaversa, bolsheviklar bu urushga qarshi bo‘lgan. Shu sabab SSSRda bu sanani nishonlash an’anasi shakllanmagan.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.