Bundan rosa 105 yil avval — 1914-yil 28-iyun kuni Bosniya poytaxtida serb millatchilari tomonidan terakt uyushtirildi. Bu terakt va uning oqibatida kelib chiqqan Ikkinchi jahon urushi haqida “Daryo” kolumnisti G‘ayrat Yo‘ldosh hikoya qiladi.

XX asr ikki jahon urushi bo‘lib o‘tgani bilan tarix kitoblariga yozildi. Bu ikki urush insoniyat boshiga mislsiz falokatlar soldi. Ular keltirib chiqargan zararlar ham, falokat ko‘lami ham benihoya katta bo‘ldi.

28-iyun Birinchi jahon urushi boshlanishiga sabab bo‘lgan voqea yuz bergan kun hisoblanadi. Bundan 105 yil avval Avstriya-Vengriya imperatori valiahdi, ersgersog Frans Ferdinand Bosniyada, Sarayevo shahriga tashrifi chog‘ida otib o‘ldirildi. Birinchi jahon urushi boshlanishiga shu voqea ham qisman sabab bo‘ldi.

Foto: Google Photos

Aslida esa Frans Ferdinand o‘ldirilgunga qadar ham Yevropa mamlakatlari ancha yillardan beri bir-biriga qarshi zimdan urushga tayyorlanib kelayotgan edi. Yevropa o‘sha paytda o‘q-dori bilan to‘ldirilgan katta bochkaning ustida o‘tirganday holatda edi. O‘q-dori to‘la bochkaning bir kelib portlashi muqarrar edi va Frans Ferdinandning o‘ldirilishi o‘sha bochkaning tezroq portlatilishiga sabab bo‘ldi.

Xo‘sh, Frans Ferdinand Bosniyaga nega borgan?

Frans Ferdinandni Bosniya Avstriya-Vengriya tarkibiga qo‘shib olinganining olti yillik tantanalariga taklif etishgandi.

Suiqasd sabablariga kelsak, Usmonli saltanatidan mustaqil bo‘lgan Serb qirolligi Bosniya Avstriya-Vengriya imperiyasi tomonidan bosib olinishiga qarshi edi. Buning ustiga, aynan Frans Ferdinand Sarayevodagi tantanalarda ishtirok etgan.

28-iyun sanasi serblar uchun muhim kun edi. Bu kunning muhimligi shunda ediki, serblar 1389-yilning aynan shu sanasida Kosovoda turk qo‘shinlari bilan jangda yengilgan va shundan so‘ng salkam olti asr Usmonli saltanati hukmronli ostida yashagan. Ersgersog Frans Ferdinad Sarayevoda Bosniya Avstriya-Vengriya tomonidan egallanish tantanalarini shu kunda o‘tkazgani serblarni nihoyatda g‘azablantirgan edi.

Tantanalar davom etar ekan, ersgersog o‘z rafiqasi bilan to‘planganlar qarshisida edi.

Suiqasdchilar tomonidan ersgersog tomon uloqtirilgan bomba portlashi muvaffaqiyatsiz chiqdi, unga uncha zarar yetmadi. Ammo suiqasd uyushtirganlardan biri — Gavrilo Prinsip taloto‘pda qarovsiz qolgan ersgersog va uning rafiqasi Sofiya Xotekka to‘pponchadan bir necha marta o‘q uzdi. Buning oqibatida Frans Ferdinand va uning rafiqasi halok bo‘ldi. Qotil Gavrilo Prinsip o‘sha zahoti ushlandi.

Frans Ferdinand rafiqasi bilan.
Foto: “RG.ru”

Tergov davomida aniqlanishicha, ersgersogga suiqasd tashkilotchilari Bosniyaning Avstriya-Vengriya tomonidan bosib olinishiga qarshi, uning Serbiya tarkibida bo‘lishini xohlovchi “Mlada Bosna” serb millatchi harakati ekan. Bu harakat suiqasddan so‘ng taqiqlandi.

Birinchi jahon urushiga qisman Frans Ferdinandning o‘ldirilishi sabab qilib ko‘rsatilsa-da, aslida Yevropadagi yirik davlatlar o‘rtasidagi aloqalar juda yomon edi.

1871-yilda Germaniya imperiya deb e’lon qilinishi ortidan 1870–1871-yilda qisqa muddatli Fransiya – Germaniya urushi bo‘lib o‘tdi va unda Fransiya mag‘lub bo‘ldi. Shundan so‘ng Yevropa mamlakatlari turli harbiy bloklarga yig‘ila boshladi. 1873-yilda Germaniya, Avstriya-Vengriya va Rossiya tomonidan “Uch imperator ittifoqi” tuzildi. Oradan biroz o‘tib, Bolqon yarim orolida Avstriya-Vengriya va Rossiya imperiyalari manfaatlari to‘qnash keldi va o‘zaro qarama-qarshilik tufayli Rossiya bu ittifoqdan chiqib ketdi. Rossiya bu ishi bilan Germaniya va Avstriya-Vengriya imperiyalari bilan ittifoqdosh bo‘la olmasligini namoyon qildi. Ittifoqdan Rossiya chiqib ketgani bilan Germaniya va Avstriya-Vengriya imperiyalari o‘rtasidagi ittifoq saqlanib qolaverdi.

1879-yilda Germaniya va Avstriya-Vengriya Rossiyaga qarshi o‘zaro harbiy paktni imzoladi. 1882-yilda bu paktga Afrikada mustamlakalarni bosib olishda Fransiya bilan tez-tez to‘qnashayotgan Italiya ham qo‘shildi.

Ularga qarshi, o‘z navbatida, 1891–1892-yillarda Rossiya-Fransiya ittifoqi paydo bo‘ldi. Bu ittifoqqa 1904-yilda Buyuk Britaniya ham qo‘shildi. Bu ittifoq “Antanta” nomini oldi.

23-iyulda Avstriya-Vengriya imperiyasi Serbiyaga turli talab va shartlar qo‘yilgan o‘n moddadan iborat nota jo‘natdi. Unda valiahd o‘ldirilishida surishtiruv olib borish uchun Avstriya politsiyasiga ruxsat berish, shuningdek, valiahdning o‘ldirilishi Belgrad tomonidan avvaldan rajalashtirilgan ish ekanligini tan olish kabi talablar bor edi. Serblarga javob uchun 48 soat muhlat berildi.

24-iyul kuni serb hukumati Avstriya-Vengriya imperiyasi tomonidan yuborilgan nota muhokamasi uchun yig‘ildi. Serb hukumati yig‘in bilan bir qatorda Avstriya-Vengriya imperiyasi qo‘ygan muhlatni biroz cho‘zdirish uchun vositachi izlay boshladi.

Gavrilo Prinsip.
Foto: Wikipedia

25-iyul kuni soat 17:50 da Serbiya bosh vaziri Avstriya elchisiga javob xatini topshirdi. Javobda Serbiya notaning to‘qqiz bandida ko‘rsatilgan talab va shartlarga rozi ekani, faqat bitta shart — Avstriya politsiyasi Serbiya hududida surishtiruv olib borishiga ruxsat bera olmasligini, shuningdek, suiqasd Serbiyada tayyorlangani, ammo hukumat bu ishga aloqador emasligi, balki serb millatchilari tomonidan rejalashtirilgani bildirilgan edi. Elchi bilan uchrashuvda Serbiya bosh vaziri “o‘rtadagi kelishmovchilikni ikki taraf ham tinch yo‘l bilan hal qilish imkoniyatini ko‘rishi lozimligini” uqtirdi.

25-iyul kuni Serbiyaning javobidan qoniqmagan Avstriya-Vengriya o‘z qo‘shinlarini jangovar holatga keltira boshladi hamda umumiy jangovar safarbarlik e’lon qildi.

26-iyul kuni Avstriya-Vengriya imperiyasi jangovar safarbarlik e’lon qilganiga javoban Serbiya ham o‘z qo‘shinlarini jangovar holatga keltira boshladi va umumiy safarbarlik e’lon qildi.

26-iyul kuni Avstriya-Vengriyaning umumiy jangovar safarbarlik e’lon qilgani xabari ortidan Rossiya ham safarbarlik e’lon qildi va mamlakat ichkarisidagi qo‘shinlarni Ukraina, Belarus bo‘ylab joylashtirishga ko‘rsatma berdi.

27-iyul kuni Rossiyadagi jangovar safarbarlik davom etdi; O‘rta Osiyo, Kavkaz, Sibirdagi qo‘shinlarni ham mamlakat g‘arbiga o‘tkazish haqida buyruq berildi.

29-iyul kuni Rossiya imperatori Nikolay II Germaniya imperatori Vilgelm II ga jo‘natgan telegrammasida “urush hamma uchun yomon oqibatlar keltirib chiqarishi”ni, shu uchun “urushga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi”ni yozdi va Avstriyani bosiqlikka chaqirishga undadi. Ammo Germaniya uning bu telegrammasini e’tiborsiz qoldirdi.

30-iyul kuni Germaniya armiyasi bosh qo‘mondoni fon Moltke Avstriya-Vengriya imperiyasi bosh qo‘mondoniga jo‘natgan telegrammasida Yevropada, ayniqsa Bolqon yarim orolida ruslar o‘zini erkin tutishiga umuman yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini aytdi va shu tufayli Avstriya-Vengriya Rossiyaga qarshi urush boshlaydigan bo‘lsa, Germaniya Avstriya-Vengriyani qo‘llab-quvvatlashiga va’da berdi.

1-avgust kuni Germaniya ham o‘z qo‘shinlarini jangovar holatga keltirish bo‘yicha safarbarlik e’lon qildi. O‘sha kuni kechga borib Germaniya Rossiyaga qarshi urush e’lon qildi. Germaniyaning Rossiyadagi elchisi Rossiya tashqi ishlar vaziri Sazonovga tegishli xatni topshirdi. Shu tariqa Birinchi jahon urushi boshlandi.

1-avgust kuni Fransiya prezidenti Raymon Puankare 2-avgustdan Fransiyada qo‘shinlarning jangovar safarbarligi e’lon qilinishi haqida qaror qabul qildi.

2-avgust kuni nemis qo‘shinlari hech qanday ogohlantirishsiz Lyuksemburgni bosib oldi.

3-avgust kuni Germaniyaning Fransiyadagi elchisi Vilgelm Shen urush e’lon qilingani haqidagi xabarni Fransiya hukumatiga topshirdi.

4-avgust kuni Germaniya armiyasi hech qanday ogohlantirishsiz Belgiyaga bostirib kirdi. Ana shu holatda Buyuk Britaniya Germaniyaga Belgiya neytraliteti haqida ogohlantirish xati yubordi. Javob bo‘lmaganidan keyin esa Germaniyaga urush e’lon qildi.

6-avgust kuni Avstro-Vengriya Rossiyaga urush e’lon qildi. Bu haqda Avstriya-Vengriyaning Rossiyadagi elchisi Rossiya tashqi ishlar vaziri Sazonovga maktub topshirdi.

11–12-avgust kunlari Fransiya va Angliya Avstriya-Vengriya imperiyasiga qarshi urush e’lon qildi.

Shu tariqa Birinchi jahon urushi boshlandi. Urush harakatlari nafaqat Yevropada, balki tomonlarning mustamlakalari bo‘lgan Osiyo va Afrika qit’asida ham davom etdi.

Urush to‘rt yil davom etib, misli ko‘rilmagan vayronaliklar keltirib chiqardi hamda dunyo bo‘ylab 20 million odamning halok bo‘lishiga olib keldi.

Urush 1918-yilda Germaniya, Avstriya-Vengriya hamda ularning ittifoqchilari rosa holdan toygan holda yengilishi va taslim bo‘lishi bilan tugadi.

Birinchi jahon urushi dunyoni qanday o‘zgartirib yubordi?

Birinchi jahon urushida jami 38 ta davlat qatnashgan. O‘sha paytda ularda 1,5 milliard aholi yashardi.

Urushga jalb qilingan va harbiy harakatlarda qatnashgan odamlar soni 70 million kishidan oshiq bo‘lgan.

Urushda 10 million harbiy xizmatchi, yana shuncha tinch aholi halok bo‘lgan.

Eng katta yo‘qotish Germaniyada bo‘lgan. Bu urushda uning 2 milliondan oshiq harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan.

Urush natijasida ikki katta imperiya — Rossiya va Germaniyada inqiloblar bo‘lib o‘tdi va boshqaruv tizimi o‘zgartirildi. Yana ikki imperiya — Avstriya-Vengriya va Usmonli saltanati parchalanib ketdi.

Avstriya-Vengriya parchalanishi ortidan bu imperiya bir nechta mustaqil davlatga bo‘linib ketdi, buning natijasida Chexoslovakiya, Polsha, Avstriya, Vengriya mustaqil davlatlarga aylandi. Shuningdek, Litva, Latviya, Estoniya, Finlyandiya Rossiya boshqaruvidan qutulib, mustaqil davlatga aylandi.

Foto: “InoSMI.ru”

Urushda yengilgan Germaniyada inqilob bo‘lib o‘tdi va imperiya yiqitilib, 1919-yilda respublika e’lon qilindi.

1919-yildagi Versal shartnomasiga ko‘ra, bu mamlakat urush tufayli o‘zining 1/7 hududidan ayrildi.

1921-yilda urush zararlari hisoblanib chiqilganidan so‘ng Germaniyaga g‘oliblarga 132 milliard oltin marka tovon to‘lash majburiyati qo‘yildi.

Tovonning 52 foizi Fransiyaga, 22 foizi Buyuk Britaniyaga, 10 foizi Italiyaga to‘lanishi belgilandi. Qolgan 16 foiz mablag‘ boshqa mamlakatlarga to‘lab berilishi belgilandi.

Qiziqarli jihati shundaki, tovon pulining oxirgi qismini Germaniya federal banki 2010 yil 4-oktabrda to‘lab berdi.

Birinchi jahon urushi oqibatida Germaniya Elzas va Lotaringiya viloyatlarini qo‘ldan chiqardi. Ular Fransiya boshqaruviga o‘tdi.

Poznan, Yuqori Sileziya, shuningdek, Pomeraniya va Sharqiy Prussiya Polshaga qo‘shib berildi. Shu tariqa, urushgacha Boltiq dengiziga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqolmagan Polsha ushbu dengizda ham o‘z hudulariga ega bo‘ldi.

Eypen, Malmedi va Moreno okruglari Belgiyaga berildi.

Shlezvig okrugining shimoliy qismi Daniyaga berildi.

Memel (Klaypeda) okrugi 1923-yilda Litvaga berildi.

Dansig (Gdansk) erkin shahar deb e’lon qilindi va keyinchalik Polshaga qo‘shildi.

Shuningdek, Germaniya o‘zining boshqa qit’alardagi mustamlakalaridan ham ajraldi. Jumladan, Karolina, Mariana va Marshall orollari hamda Tinch okeanidagi boshqa yana bir nechta orol Yaponiyaga berildi.

Janubiy-g‘arbiy Afrika va Tanzaniyani Buyuk Britaniya tortib oldi. Burundi va Ruandani Belgiyaga berishdi. Kamerun va Togoni Fransiya tortib oldi.

Avstriya-Vengriya imperiyasi urushgacha ko‘plab mamlakatlarni qo‘l ostida majburan ushlab turgan katta bir imperiya edi. Chexiya, Slovakiya, Vengriya, Polshaning bir qismi, Bosniya, Sloveniya, Xorvatiya va ko‘plab boshqa katta-kichik hududlar imperiya tarkibida edi. Urushdan so‘ng imperiya parchalanib, Chexoslovakiya, Vengriya, Avstriya kabi mustaqil davlatlar paydo bo‘ldi.

Urush natijasida Avstriyaning Bogemiya, Moraviya va Sileziya hududlari Chexoslovakiyaga berildi. Janubiy Tirol, Yuliysk o‘lkasi, Istriya o‘lkasi Italiyaga o‘tdi.

Fiume (Riyeka) shahri (mintaqadagi eng yirik port shahri), Dalmatsiya, Krayna, Sloveniya, Xorvatiya, Voyevodina Serb qirolligi tarkibiga o‘tdi. Galitsiya va Lodomeriya Polshaga berildi.

Bukovina, Transilvaniya va Banat Ruminiyaga o‘tdi. Slovakiya va asosan ukrainlar yashaydigan Karpatorti o‘lkasi Chexoslovakiya tarkibiga o‘tdi.

Urushda Germaniya va Avstriya-Vengriya imperiyalari tomonida turib urishgan Usmonli saltanati ham katta hududlarini yo‘qotdi. Bu yerda ham inqilob amalga oshirildi. Bo‘lib turgan taloto‘plardan foydalanib, mamlakatga hujum qilgan Yevropa davlatlarining birlashgan qo‘shinini yenggan Mustafo Kamol Otaturk yangi Turkiya asoschisiga aylandi.

1923-yilda imzolangan Lozanna shartnomasi Usmonli saltanatini amalda yiqitdi. Mamlakat katta hududlaridan ayrildi.

Birinchi jahon urushida Germaniya va Avstriya-Vengriya imperiyasi tomonida bo‘lgan Turkiya urush tugaganidan so‘ng Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq, Arabiston yarim orolidagi mustamlakalaridan ayrildi. Misr, Falastin, Arabiston yarim oroli, Iordaniya, Iroq Buyuk Britaniya qo‘l ostiga o‘tdi. Suriya va Livan Fransiya mustamlakasiga aylandi. Egey dengizidagi ko‘plab orollar: Lemnos, Samotraki, Lesbos, Xios, Samos, Ikariya Gretsiyaga berildi.

Birinchi jahon urushida Germaniya va Avstriya-Vengriya tomonida turib urushgan yana bir mamlakat — Bolgariya ham ancha hududidan ayrildi va urush g‘oliblariga 2,25 milliard oltin frank miqdorida tovon puli to‘ladi. G‘arbiy Frakiya Gretsiyaga o‘tdi. Janubiy Dobrudja Ruminiyaga berildi. Makedoniyaning bir qismi Serb qirolligiga o‘tdi.

Podsho Nikolay II.
Foto: Wikipedia

Rossiya g‘oliblar qatorida bo‘lsa ham, ancha hududlarini yo‘qotdi. 1917-yilda, hali urush davom etayotgan vaqtda Rossiyada inqilob bo‘lib o‘tdi, natijada imperiya qulatildi. Mamlakatni o‘zlarini kommunistlar, chekistlar, inqilobchilar deb atagan Vladimir Lenin boshliq guruh egallab oldi. Inqilob oqibatida mamlakatda fuqarolar urushi boshlanib ketdi. Bir paytlar Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingan turli mintaqalarda milliy ozodlik harakatlari boshlandi. Ammo Lenin ularning hammasini qonga botirib, bostirishga muvaffaq bo‘ldi. Shu jumladan bizda, Markaziy Osiyoda ham milliy ozodlik harakatlari ayovsiz bostirildi. Oqibatda aksar milliy hududlar amalda Rossiya imperiyasi o‘rniga paydo bo‘lgan SSSRning mustamlakasi bo‘lib qoldi.

Rossiya inqilob tufayli o‘z tuzumini o‘zgartirganidan so‘ng Birinchi jahon tugashi ortidan Rossiya tarkibida bo‘lgan Finlyandiya, Polsha, Ukraina, Belarus, Litva, Latviya va Estoniya mustaqil bo‘ldi. Ammo bolsheviklar yo‘qotilgan hududlardan Ukrainani qisqa muddatda yana Rossiya tarkibiga qaytarib oldi. 1940-yilda, Ikkinchi jahon urushi ketayotgan paytda Latviya, Litva va Estoniyani ham qaytarib qoldi. Polsha va Finlandiya mustaqil bo‘lib qoldi.

Shu tariqa, Birinchi jahon urushi Yer kurrasi siyosiy xaritasini ancha o‘zgartirib yubordi. Imperiyalar quladi. Yangidan yangi mustaqil davlatlar tashkil topdi va keying — Ikkinchi jahon urushigacha yashadi.

Germaniya Birinchi jahon urushidagi mag‘lubiyat uchun yetarlicha xulosalar qilmagan ekan, 1-jahon urushi tugaganidan rosa 20 o‘tib yana imperalistik g‘oyalari va bosqinchilik siyosati bilan Ikkinchi jahon urushini boshladi.

Nima bo‘lganda ham, bugun dunyo boshqa urush ko‘rmasin, doim tinchlik bo‘lsin deb yaxshi niyat qilamiz. Urushning oti o‘chsin! Ammo inson bor ekan, turli urushlar bo‘laveradi shekilli. Aks holda insoniyat XX asrda sodir bo‘lgan ikki jahon urushidan yetarlicha xulosa chiqarar edi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.