Toshkent viloyati Quyichirchiq tuman “Tinchlik” MFY hududidan o‘tuvchi To‘ytepa—Yangiyo‘l yo‘lining 52-kilometrida ikki avtobus ishtirokida YTH yuz berdi, deb xabar bermoqda Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati.

Foto: Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati

Qayd etilishicha, voqea bugun, 8-noyabr kuni soat taxminan 07:00 larda sodir bo‘lgan.

Yangiyo‘l tumanida joylashgan “Kamolat-Trans” MChJ ga qarashli Isuzu haydovchisi A.A. boshqaruvidagi avtobus bilan Toshkent shahar Uchtepa tumanida joylashgan Asian Bebi Textile MChJ ga qarashli Isuzu haydovchisi J.B. quvib o‘tish qoidasini buzishi natijasida avtobuslar bir-biriga tegib, J.B. boshqaruvidagi avtobus yo‘lning qatnov qismidan chiqib ketishi natijasida YTH sodir bo‘lgan.

Foto: Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati

Oqibatda 43 yoshli yo‘lovchi I.B. olgan tan jarohati bilan Quyichirchiq tumani markaziy shifoxonasining jonlantirish bo‘limida vafot etgan. Shuningdek, qolgan bir nechta fuqarolarga Oqqo‘rg‘on tuman markaziy shifoxonasi va Quyichirchiq tuman markaziy shifoxonasida birinchi yordam ko‘rsatilib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.

Hozirda ularning bir nafari davolanish uchun tibbiyot bo‘limiga joylashtirilgan. Qolgan barcha fuqarolar salomatligida muammo bo‘lmaganligi sababli kasalxonadan javob berilgan.