O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova Rossiyada gastrol konsertlarini taqdim etadi. Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu dasturlarning biletlari juda qimmatligi haqida e’tirozlar bo‘lmoqda.

Foto: “Daryo”

Yulduz Usmonovaning konsert direktori Nosirjon Karimov jurnalist Feruz Muhammadga bergan intervyusida ushbu e’tirozlarga oydinlik kiritdi.

Avvalombor, shu narsani ta’kidlab o‘tishim kerakki, konsert katta tadbir hisoblanadi. Tadbir tashkilotchilari ko‘proq o‘zining xarajatlaridan kelib chiqadi. Bu jiddiy tadbir bo‘lgani uchun albatta bunga jiddiy yondashiladi. To‘g‘ri, ijtimoiy tarmoqlarda bilet narxi qimmat deb aytishayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin, bir narsani hisobga olishi kerak. San’atkorni reytingi bor. Reyting qanchalik yuqori bo‘lsa, chipta narxi shunga qarab bo‘ladi. Chunki, yaxshi san’at, yuqori darajadagi san’at hech qachon arzon turmaydi. Bu narsani muxlislar his qilishi kerak.

Biz Moskvadagi konsert tashkilotchilari bilan bog‘lanib turibmiz, ular aytishyaptiki, tarmoqlarda 10 000 — 12 000 rubl deb ma‘lumot berishyapti. To‘g‘ri, bunaqa narx bor, faqat bunaqa narxga biletlarimiz sanoqli, ya’ni vip joylar xolos.

Lekin, ular eng qimmat biletimiz 6000 rubl deb aytishyapti. Eng qimmat biletlarimiz 6000 rubldan sotayapmiz, qolgan joylarni internetdan ham ko‘rib bilishsa bo‘ladi. Biz buni albatta kuzatib borayapmiz. Arzon biletlarimiz 4000, 3000, 2000 rubldan sotilyapti. Yana bir marta ta’kidlayman, narx-navo, bozor iqtisodiyoti xarajatlardan kelib chiqadi.

Yulduz Usmonovaning Rossiyadagi konsert dasturlari 13-noyabrda Moskvada, 14-noyabrda Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Hozir tashkilotchilarning bergan ma’lumotiga ko‘ra 70—80 foiz chiptalar sotib bo‘lingan.

Biz ham konsert chipta narxlari juda qimmat bo‘lishini xohlamaymiz, lekin, yana bir marta ta’kidlab o‘taman, konsert tashkilotchilari o‘zlarining xarajatidan kelib chiqqan holda shu narxlarni qo‘yishgan.

Rossiyadagi gastrol konsertlaridan so‘ng, noyabr oyida AQShga gastrol konsertlar rejalashtirilgan. Bundan tashqari Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiyaning boshqa hududlariga konsert dasturlari bilan mehmon bo‘lamiz.

Nosirjon Karimov, Yulduz Usmonovaning konsert direktori