Tarix bu insoniyatni mutlaqo insoniylashtirish jarayonidir.

Lyudvig Feyerbax (1804-1872), nemis faylasufi

Oktabr oyida jahonning yangi tarixida ko‘p muhim voqealar ro‘y bergan. Ammo ular orasida Karib inqirozi ajralib turadi. Tarixchilar bu inqiroz Uchinchi jahon urushini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lganini, tomonlarning murosasozligigina dunyoni halokatdan qutqarib qolganini aytadi.

“Daryo” kolumnisti Jahongir Ergashev shu voqealar haqida hikoya qiladi.

Qanday boshlangan edi?

1962-yil 4-sentabr sanasida AQSh prezidenti Jon Fitsjerald Kennedi Kubada sovet zenit-raketa tizimlari joylashtirilishi borasida o‘z xavotirlarini bildirdi; u Kastro rejimi kuch ishlatish yoki tahdid bilan maqsadiga erisha olmasligini, bunga qarshi butun g‘arbiy yarim sharni himoya qilish uchun barcha vositalardan foydalanishi haqida bayonot berdi.

12-sentabr kuni “TASS” axborot agentligida “Hozirda Kubaga hujum qilish mumkin emas, agressorning har qanday hujumi jazosiz va javobsiz qolmaydi”, degan xabar tarqatildi. 1962-yilning kuz fasliga borib dunyo yadro urushi boshlanishiga yaqin edi.

Karib inqirozining eng asosiy sabogi umuman hech qanday muammoning paydo bolishiga yol qoymaslikdir.

Teodor Sorensen, amerikalik yurist, Kennedining spichrayteri

1962-yil bahor oylarida Sovet rahbariyati Ozodlik orolida o‘rta masofaga uchuvchi yadro kallaklarini joylashtirish g‘oyasini muhokama qila boshladi. Aksar tarixchilar fikriga ko‘ra, bu g‘oya 1960-yilning oktabr–noyabr oylarida Sovet Ittifoqiga tashrif buyurgan Ernesto Che Gevaraga tegishli edi.

Ehtimol, Kubadagi Kastro rejimini qulatish tarafdori bo‘lgan AQSh hukumati bayonotlari natijasida bu fikrni qo‘llab-quvvatlangandir. Ammo Sovet Ittifoqi rahbaraiyatida 1961-yilga qadar toki AQSh Turkiya hududida raketalarini joylashtirishni boshlagunga qadar Kubada yadroviy raketalarni joylashtirish g‘oyasi mavjud bo‘lmagan. Urush xavfi kelib chiqadigan bo‘lsa, u o‘z raketalarini Turkiya hududidan SSSR hududiga uchirish imkoniga ega bo‘lar edi. SSSR rahbariyati nazdida, qarshi javob qilish uchun Kubada yadro raketalarini o‘rnatish maqsadga muvofiq edi.

Foto: Wikipedia

May oyi oxirlari va iyun va iyul oyi boshlarida Kuba hukumati roziligi bilan SSSR Ozodlik oroliga yadro raketalarini olib kirish harakatini boshlab yubordi. Sho‘ro hukumati harbiy shtati bu borada “Anadir” maxfiy rejasini ishlab chiqdi. “Uzoq Sharqqa yo‘l olyapmiz”, deb o‘ylagan shaxsiy tarkib qismlari va texnik xodimlar qayerga borib qolishi haqida ham tasavvurga ega emas edi. Ularni xavotirga solmaslik uchun kemalarga ko‘p miqdorda mo‘ynali shubalar va issiq kiyimlar ham ortilgandi. Ekipajga kunduz kunlari palubaga chiqish taqiqlangan edi.

Albatta, AQSh maxsus xizmatlaridan bunday miqdordagi harbiy kuch ko‘chishini yashirib bo‘lmas edi. Ammo AQSh hukumati oktabr oyining boshlariga qadar gap harbiy havo hujumidan mudofaa tizimlari haqida ketyapti deb o‘ylagan. Kennedi bayonotida SSSR Kubaga yadro kallaklari olib kelgan taqdirdagina vaziyat jiddiy tus olishi haqida gapirdi.

“TASS” agentligi esa 12-sentabrda Kennedining chiqishiga javob tariqasida “Yadroviy qurollarimiz shu darajada kuchliki, ularni Ittifoq hududidan boshqa joyga joylashtirish haqida o‘ylanishga muhtoj emasmiz” deb yozib chiqdi. Bu orada “Omsk” teploxodi Kubaning Kasilda portiga 51-raketa harbiy bo‘linmasining ilk raketalarini olib borib qo‘ygandi.

Tugmalar bosilishi mumkin bo‘lgan ikki hafta

1962-yilning 14-oktabrida AQSh havo-razvedka uchoqlari Kuba hududi ustida razvedka amaliyotlarini boshlab yubordi. Bu uchishlar sal oldinroq – 5-sentabrda Kennedi hukumati tomonidan vaziyatni jiddiylashtirmaslik maqsadida to‘xtatib qo‘yilgandi. Razvedka esa ruslarning P-12 va P-14 o‘rta masofaga uchuvchi yadro raketalari uchun maydon hozirlab qo‘yilgani haqidagi fotosuratlarga ega bo‘lgandi.

AQSh prezidenti chaqirgan xavfsizlik kengashi yig‘ilishida maxsus guruh a’zolari Kubani blokada qilish va harbiy hujum uyushtirish rejasini taklif qildi. 22-oktabr sanasida Kennedi amerikaliklarga telemurojaat yo‘llarkan, rus yadro raketalari AQSh hududidan bir necha o‘n kilometr masofa uzoqlikda joylashtirilgani va dengiz blokadasi boshlanishi haqida xabar qildi.

23-oktabr kuni prezidentning ukasi Robert Kennedi SSSRning Vashingtondagi favqulodda va muxtor elchisi Anatoliy Dobrininga 24-oktabr ertalabki soat 10:00 dan boshlab Amerika harbiy kemalari Kubaga yo‘l olgan kemalarni qo‘lga olishni boshlashi haqida xabar qildi. Elchi Dobrinin, o‘z navbatida, rus dengizchilariga amerikaliklarning buyruq va ko‘rsatmalariga har qanday holatda itoat etmaslikni uqtirdi. Shu tariqa 24-oktabr kuni Sovet Ittifoqining yadro kallaklari ortilgan “Aleksandrovsk”, “Artyomsk”, “Nikolayev”, “Dubna”, “Divnogorsk” kemalari Kubaga kirib keldi. Boshqa kemalarga esa ortga qaytish buyrug‘i berildi.

Foto: Wikipedia

25-oktabrda AQShning BMTdagi doimiy vakili Artur Jozef Goldberg SSSRni Kubaga yadroviy raketalar joylashtirganlikda ayblab chiqdi. Aynan shu paytda Amerika va Ittifoq rahbarlari bir-birlarini avvalroq o‘ylangan rejalar – raketalarni joylashtirish, dengiz blokadasi va orolga bostirib kirish g‘oyasidan qaytarishga urinib ko‘rishdi.

27-oktabr kech oqshomida Robert Kennedi meni oz xonasiga taklif qildi. Uning kabineti tartibsiz, tozib yotar edi. Divanda esa gijim yopingich yotar, aftidan, kabinet egasi shu yerda uxlagan edi.

Anatoliy Dobrinin

Karib inqirozining kulminatsion nuqtasi 27-oktabrga to‘g‘ri keladi. Sovet Ittifoqi harbiy kuchlari AQSh havo kuchlariga qarashli U-2 ayg‘oqchi uchog‘ini urib tushirdi. Uchoq boshqaruvchisi mayor Andersen halok bo‘ldi. Kuba havo hujumidan mudofaa kuchlari yana bir nechta Amerika ayg‘oqchi uchoqlariga qarshi o‘t ochdi. Bu paytda esa AQSh va SSSR rahbarlari yon berish imkoniyati shartlarini qizg‘in muhokama qilardi.

Bir narsani esdan chiqarmaslik kerak: Jon Kennedi va Nikita Xrushchyov o‘z mamlakatlarida qat’iy choralar tarafdori bo‘lganlarning ichki siyosiy bosimini ham his qilib turar edi. AQSh prezidenti Kubadan rus yadro raketalari olib chiqib ketilishini talab qilsa, Sovet Ittifoqi undan Kastro hukumatiga hujum qilinmasligini, dengiz blokadasi bekor qilinishini va Turkiyadan Amerika raketalari olib chiqib ketilishini talab qilayotgandi.

Foto: Wikipedia

27-oktabrdan 28-oktabrga o‘tar kechasi Robert Kennedi Anatoliy Dobrinin bilan yana bir marta uchrashib, AQSh tarafi SSSR ilgari surayotgan shartlarga rozi ekanini bildirdi. Dobrinin Kompartiya syezdini o‘tkazayotgan Xrushchyov bilan darhol bog‘lanib, vaziyatdan ogoh etdi. Sovet Ittifoqi rahbari murosaga rejasini darhol ma’qulladi. Kubada Sovet qo‘shinlariga qo‘mondonlik qilayotgan general Isse Pliyevga Xrushchyov darhol Amerika uchoqlariga hujum uyushtirmaslik haqida buyruq yubordi. Dunyo shu ondan erkin nafas ola boshladi.

Karib inqirozi saboqlari

Aql va idrok bizni qutqara olmaydi. Karib inqirozini bartaraf qilishda bizga omad yordam berdi. Yadro urushining oldini baxtli tasodif oldi. Kennedi, Xrushchyov, Kastro – barchasi idrokli shaxslar edi-ku. Idrokli insonlar dunyoni halokat yoqasiga keltirdi. Bu bugun ham qaytarilishi mumkin.

Robert Maknamara, 1961–1968-yillarda AQSh Mudofaa vaziri

Karib inqirozi ikki qudratli davlat va ittifoqchilarining Ikkinchi jahon urushidan keyingi ilk to‘qnashuvi bo‘ldi. Bu holat ikki davlat rahbarlarini murakkab tanlov ostida qoldirdi: yo yadro urushi sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘yish, yoki vaziyatni murosa yordamida hal etish. Shu bilan bir vaqtda inqiroz ikki davlat rahbarlarini xalqaro muvozanatni buzuvchi fitnalarga uchmaslikka o‘rgatdi. Nazarimda, aynan shu inqiroz keyinchalik – 1960–1980-yillardagi Sovet – Amerika munosabatlarida kuzatilgan iliqlik va bordi-keldi munosabatlariga zamin yaratdi.

AQShning strategik qurollanish borasidagi imkoniyatlari Sovet Ittifoqinikidan ancha ustun bo‘lsa-da, prezident Kennedi millionlab amerikaliklarning kelajagini hal qilishga ojizligini sezdi va muzokaralar tomon qadam tashladi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.