Daryo

Yanis Lasis: “Sug‘urta bozori nafaqat raqamlarda o‘sishi, balki inson uchun sug‘urtaning qadri ham ortib borishi kerak”

O‘zbekiston sug‘urta bozori jadal o‘zgarmoqda. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, sug‘urta mukofotlari hajmi 13,46 trln so‘mga yetib, qariyb 38 foizga oshdi, sug‘urta to‘lovlari esa 3 trln so‘mga yaqinlashdi. Soha rivojining keyingi bosqichi qanday bo‘lishi kerakligi haqida Imkon Sug’urta bosh direktori Yanis Lasis bilan suhbatlashdik.

3 daqiqa o‘qish81 ko‘rishlar0 izoh0

O‘zbekiston sug‘urta bozori jadal o‘zgarmoqda. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, sug‘urta mukofotlari hajmi 13,46 trln so‘mga yetib, qariyb 38 foizga oshdi, sug‘urta to‘lovlari esa 3 trln so‘mga yaqinlashdi. Soha rivojining keyingi bosqichi qanday bo‘lishi kerakligi haqida Imkon Sug’urta bosh direktori Yanis Lasis bilan suhbatlashdik.

— Bugun O‘zbekiston sug‘urta bozorining holatini qanday baholaysiz?

— Bozor hozir juda qiziq bosqichda turibdi. Sug‘urta mukofotlari, to‘lovlar va sug‘urta kompaniyalarining kapitali o‘smoqda. Bu keyingi rivojlanish uchun yaxshi poydevor.

Biroq sug‘urta sohasining rivojini faqat yig‘imlar o‘sish sur’atlari bilan baholab bo‘lmaydi. Muhimi, sug‘urta odamlar va biznes hayotining qanchalik tabiiy qismiga aylanayotganida. Inson polisni uning qadrini tushungani uchun sotib olyaptimi yoki qonun, bank yoxud bitim shartlari shuni talab qilgani uchunmi?

“Kerak bo‘lgani uchun sug‘urtalanish»dan «bu mening haqiqiy himoyam ekanini anglagan holda sug‘urtalanish”ga o‘tish — bozor yetukligining asosiy belgilaridan biridir.

— Davlat sohani faol isloh qilmoqda. Bu o‘zgarishlarni qanday baholaysiz?

— Umuman olganda, biz regulyator tomonidan belgilangan yo‘nalishni qo‘llab-quvvatlaymiz: kompaniyalar kapitallashuvini oshirish, raqamlashtirish, qayta sug‘urtalashni rivojlantirish, majburiy sug‘urta turlarini takomillashtirish. Masalan, 2026 yildan boshlab OSAGO bo‘yicha sug‘urta summasi 40 mln so‘mdan 80 mln so‘mga oshirildi — bu fuqarolarni amalda himoya qilish nuqtai nazaridan muhim qadam.

Shu bilan birga, bozorga o‘zgarishlarni joriy etish uchun yetarli vaqt kerak. Yangi talablar — bu faqat hujjatlarga kiritiladigan o‘zgartishlar emas, balki IT-tizimlarni moslashtirish, biznes-jarayonlarni qayta ko‘rib chiqish, xodimlar va hamkorlarni o‘qitish, mijoz bilan o‘zaro munosabat jarayonlarini testdan o‘tkazishni ham talab qiladi. Shuning uchun regulyator va bozor ishtirokchilari o‘rtasida, jumladan, o‘zgarishlarni texnik jihatdan amalga oshirish bosqichida ham doimiy muloqot ayniqsa muhim.

— Siz Yevropa bozorlarida ishlagansiz. Sizningcha, ularning prinsipial farqlaridan biri nimada?

— Yetuk bozor nafaqat tartibga solish tizimini, balki raqobat uchun yetarli imkoniyatlarni ham nazarda tutadi. Agar mahsulot shartlari, qoplama limitlari va narx bir vaqtning o‘zida qat’iy belgilab qo‘yilsa, sug‘urtalovchilarning bir-biridan farqlanish imkoniyatlari cheklanadi. Raqobat esa, eng avvalo, mijoz uchun foydali: kompaniyalar xizmat ko‘rsatish sifati, sug‘urta hodisalarini tartibga solish tezligi, mahsulotlar va qo‘shimcha imkoniyatlar orqali mijoz uchun raqobatlasha boshlaydi.

Bozor rivojlangani sari bunday raqobat uchun ko‘proq imkoniyat yaratish, shu bilan birga mijozni himoya qilishning zarur darajasini saqlab qolish maqsadga muvofiq.

— Bugungi kunda sug‘urta sohasining rivojlanishini eng ko‘p nima cheklamoqda?

— Asosiy masalalardan biri — sug‘urta madaniyati. Odamlarga shunchaki polis sotib olishlari kerakligini tushuntirish emas, balki sug‘urta nima uchun kerakligini anglatish muhim: mijoz qaysi xavflarni sug‘urtalovchiga o‘tkazadi va bu oila yoki biznesga moliyaviy barqarorligini saqlab qolishda qanday yordam beradi.

Bu — kompaniyalar, tartibga soluvchi vakolatli organ, sohaviy assotsiatsiyalar, davlat, ommaviy axborot vositalari hamda ta’lim muassasalarining o‘zaro hamkorligi asosida amalga oshiriladigan kompleks yondashuvdir.

— Sug‘urta kompaniyalari iqtisodiyotda qanday o‘rin va rol o‘ynashi kerak? Imkon qadar ko‘proq xatarlarni sug‘urtalashga intilish zarurmi?

— Sug‘urta kompaniyalari muhim vazifani bajaradi: ular soliq to‘laydi, ish o‘rinlarini yaratadi va, eng muhimi, odamlar hamda biznesga murakkab vaziyatlar oqibatida yuzaga keladigan moliyaviy yo‘qotishlarni yengib o‘tishda yordam beradi.

Biroq bozorning rivojlanishi barcha xatarlarni istisnosiz sug‘urtalash kerak, degani emas. Sug‘urta — xatarni sug‘urtalovchiga o‘tkazish bilan mijozning o‘zi zimmasida qoladigan mas’uliyat o‘rtasidagi muvozanatdir. Inson, biznes yoki bank xatarlarni baholash, qarorlar qabul qilish va ularni boshqarish uchun o‘z mas’uliyatini saqlab qolishi kerak. Sug‘urta ushbu mas’uliyatdan to‘liq voz kechish vositasiga aylanmasligi lozim.

Yetuk yondashuv — qaysi xatarlarni oqilona ravishda sug‘urtalovchiga o‘tkazish, qaysi xatarlarni o‘z zimmasida qoldirish va ishtirokchilar o‘rtasida mas’uliyatni qanday taqsimlash kerakligini anglashdan iborat.

Sug‘urtaning vazifasi xatarni bartaraf etish emas — buning iloji yo‘q. Uning vazifasi xatarning moliyaviy oqibatlarini boshqariladigan darajaga keltirishdir.

— Bir necha yildan so‘ng sug‘urta bozorini qanday ko‘rishni istar edingiz?

— Uni yanada yetuk va inson manfaatlariga yo‘naltirilgan bozor sifatida ko‘rishni istar edim. Keyingi bosqich — sifat jihatidan yangi bosqich bo‘lishi kerak: yetarli kapitalga ega, moliyaviy jihatdan barqaror kompaniyalar, zamonaviy tartibga solish tizimi, raqamli mahsulotlar, haqiqiy raqobat va sug‘urtaning qadrini anglaydigan mijoz.

Oxir-oqibat, sug‘urta polisning o‘zi uchun mavjud emas. Uning mohiyati — murakkab vaziyatda inson yoki biznes o‘z muammosi bilan yolg‘iz qolib ketmasligini ta’minlashdir.

Reklama

Buxorodanman. Milliy universitetning Filologiya fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2018-yil martidan beri musahhih lavozimida ishlayman va saytda chop etiladigan materiallar, katta maqolalarni tahrirlayman. Har yili “Sherlok”ning yangi va eski filmlarini ko‘rish uchun vaqt topaman. Rabg‘uziy qissalari ish stolimda turadi. Oxirgi o‘qigan kitobim “Hellados”.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar