Rossiya Liberal-demokratik partiyasi yetakchisi Vladimir Jirinovskiy agarda Belarus va Ukraina Rossiya bilan birlashib, yagona davlatga aylansagina farovonlikka erishishini ma’lum qildi, deb xabar beradi “RIA Novosti”.

Foto: “RIA Novosti”

“Rossiya va Belarusni allaqachon birlashtirib yuborish kerak edi. O‘yinlar o‘ylab topish nega kerak: keling avval bojxonani yoki tariflarni. Yagona davlatga aylansak Belarus gullab-yashnab ketadi. Keling, odamlarga erkin harakatlanish imkonini, ulkan resurslarga egaligi sabab yevrodan kuchli bo‘ladigan yagona rublni beraylik. Ukraina bilan ham xuddi shu vaziyat. Axir Rossiya tarixan Velikorossiya va Malorossiyadan tashkil topganku. Bularning ildizi bitta — rus. Biz tarixda birga yashaganmiz, hozir esa buni qayta tiklashimiz kerak”, — deb yozadi Jirinovskiy o‘zining Telegram’dagi kanaliga.

Shuningdek, siyosatchi odamlarning erkinliklarini cheklamaslik lozimligini, istagan odam belarus yoki ukrain tilida gaplashishi mumkinligini, milliy gazetalar, teatr va maktablarni saqlab qolish kerakligini ta’kidlagan.

Jirinovskiy bunday yagona davlat fuqarolarining millatini ko‘rsatmasdan, balki “yagona mamlakat fuqarosi” bo‘lishi kerak degan fikrni ham bildirdi.