11-sentabr 2001-yilning 11-sentabrigacha oddiy sana edi. To‘g‘ri, bu sanada keng jamoatchilik bilmaydigan qandaydir soha vakillarining bayrami bo‘lishi mumkin edi. Ammo odatda unday bayramni faqat o‘sha soha kishilari biladi xolos. Shundan kelib chiqsak, 11-sentabr 2001-yilgacha oddiy kun edi. Ammo o‘sha kuni shunday ishlar sodir bo‘ldi-ki, 11-sentabr kuni tarixda qoldi. “Daryo” kolumnisti G‘ayrat Yo‘ldosh Amerika va jahon tarixini o‘zgartirgan kun haqida hikoya qiladi.

Foto: AP

Bundan roppa-rosa 18 yil avval — 2001-yil 11-sent­abrda AQShning Nyu-York va Vashington shaharlarida ro‘y bergan fojia ko‘pchilikning yodida. O‘shanda mahalliy reyslarda parvoz qilayotgan to‘rt samolyot terrorchilar tomonidan egallab olinib, Nyu-Yorkdagi mashhur 110 qavatli Jahon savdo markazi joylashgan egizak binolar hamda AQSh Mudofaa vazirligi binosi – Pentagonga kelib urilgan edi. Nafaqat amerikaliklarni, balki butun dunyo aholisini sarosimaga solgan hodisada jami 3 mingdan ortiq inson halok bo‘lgan va narxi nechadir milliard dollardan oshiq bo‘lgan ikkita bino yer bilan bitta bo‘lgan edi.

Fojia AQSh iqtisodiyotiga ancha zarar keltirdi. AQSh tarixiga nazar tashlasak, bu mamlakatning eng katta moliyaviy zarari 1992-yilgi Endryu to‘foni tufayli ro‘y berganini ko‘ramiz. O‘shanda to‘fon talafoti tufayli AQSh iqtisodiyoti 19,2 milliard dollar zarar ko‘rgan edi. 11-sentabr voqealari ortidan kelgan iqtisodiy yo‘qotish Endryu to‘foni tufayli ro‘y bergan yo‘qotishdan ham katta bo‘ldi.

Birinchi navbatda egizak binolarning egalari, binolar xavfsizligini sug‘urta qilgan kompaniyalar batamom sindi. Shuningdek, fond bozorlarida turli kompaniyalarning qimmatli qog‘ozlari arzonlab, qiymati tushib ketdi.

Keyinchalik o‘tkazilgan surishtiruvlardan shu narsa aniq bo‘ldiki, samolyotlarni o‘g‘irlash va binolarga olib borib urib portlatish ishlari Usoma bin Lodin rahbarligidagi “al-Qoida” terrorchilik guruhining 19 a’zosi tomonidan amalga oshirilgan ekan. Harholda AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) va Federal qidiruv byurosi (FRB) shunday ma’lumotlarni tarqatdi.

Shundan so‘ng terrorchilarning tirik qolgan bir nechtasi jazoga tortildi.

11-sentabr fojialari jahon afkor ommasi tomonidan “butun dunyo sivilizatsiyasiga qarshi qilingan tahdid” deb baholandi va qattiq qoralandi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin “dunyo politsiyasi” rolini bajarib kelayotgan AQSh sentabr voqealari ortidan “butun sayyorada terrorizmga qarshi kurash” kampaniyasini e’lon qildi va dunyoning turli hududlarida bosqinchilik urushi olib borish uchun yoniga “oq yo‘l” tilaydigan, qurolli kuchlari bilan o‘ziga yordam beradigan hammaslaklarni to‘play boshladi. Dunyodagi eng yirik harbiy tashkilot bo‘lmish NATO’ning bosh ta’minotchisi AQSh bo‘lganini inobatga olsak, bu tashkilotdagi davlatlar AQSh prezidenti Kichik Jorj Bushning “dunyoda terrorizmni tag-tugi bilan qo‘poramiz” degan chaqirig‘iga “labbay” deb javob berganini tushunsa bo‘ladi.

Shu o‘rinda “terror” atamasiga izoh berib ketsam.

“Terror” lotin tilidan olingan so‘z bo‘lib, “qo‘rquv”, “dahshat” ma’nolarini anglatadi. “Terrorizm” – aholini qo‘rqitish, davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga tazyiq o‘tkazish orqali jinoiy, siyosiy, mafkuraviy va shaxsiy maqsadlarni ko‘zlash jarayonidir.

“Terrorizm” so‘zi birinchi marta 1793–1794-yillarda Fransiya inqilobi davrida iste’molga kiritilgan. O‘sha davrda bu so‘z ijobiy ma’noda qo‘llangan va hukmdorlar tomonidan xalqqa nisbatan zulm oshib ketganda unga qarshi kurash ifodasi sanalgan.

Foto: AP

Nazarimda, jahon afkor ommasining fikriga ko‘ra harbiy tarafdan kuchli bo‘lgan mamlakatlarning o‘zidan kuchsiz mamlakatlarga nohaq bostirib kirishi ham aynan terrorizmning o‘zi. Bunda ham ma’lum bir davlat o‘zga davlat hududiga nohaqdan bostirib kirib, aholini qo‘rqitadi, davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga tazyiq o‘tkazadi. Siyosiy va mafkuraviy maqsadlarni ko‘zlaydi. Ammo zo‘ravon davlatlar aybini xaspo‘shlash, boshqa bir davlatga qarshi olib borgan urushi nohaqligini tan olmaydi. Shu nuqtai nazardan qarasak, bir paytlar fashist Germaniyasining bosqinchilik urushlari, AQShning Vyetnamga bostirib kirishi, SSSRning Afg‘onistonga bostirib kirishi, asrimiz boshida AQShning Afg‘oniston va Iroqqa bostirib kirishi yoki harbiy jihatdan qudratli davlatlarning turli mamlakatlarga qo‘shin kiritib, harbiy harakatlar sodir etishi ayni terrorizmning o‘zidir.

O‘shanda 11-sentabr fojiasi xalqaro maydonda josuslik faoliyati yetakchisi sifatida e’tirof etib kelingan MRB, shuningdek, AQShning ichki va tashqi xavf­sizlikka mas’ul bo‘lgan barcha muassasalari nufuzini keskin tushirib yubordi.

Quyida 2001-yil 11-sentabr voqealarining asosiy sanalarini keltiramiz.

11-sentabr, tonggi 07:58

United Aerlines aviakompaniyasiga qarashli 175-raqam bilan Bostondan Los-Anjelesga yo‘l olgan Boeing 767 samolyoti yo‘lovchilar orasida bo‘lgan bir guruh terrorchilar tomonidan garovga olindi. Samolyot bortida 56 yo‘lovchi va to‘qqiz nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Los-Anjeles tomon uchayotgan samolyot terrorchilar talabi bilan yo‘nalishni majburiy ravishda Nyu-York shahri tomon o‘zgartirdi.

11-sentabr, tonggi 07:59

American Aerlines aviakompaniyasiga qarashli 11-raqam bilan Bostondan Los-Anjelesga yo‘l olgan Boeing 767 samolyoti yo‘lovchilar orasida bo‘lgan terrorchilar tomonidan garovga olindi. Samolyot bortida 81 yo‘lovchi hamda to‘qqiz nafar ekipaj a’zosi bor edi. Bu samolyot ham o‘z yo‘nalishini majburiy o‘zgartirib Nyu-Yorkka qarab yo‘l oldi.

Soat 08:01

93-tartib raqamli Boeing 767 rusumli samolyot 38 nafar yo‘lovchi hamda to‘qqiz nafar ekipaj a’zosi bilan Nyu-Jersidan San-Fransisko tomon parvoz qila boshladi.

Soat 08:10

Vashington xalqaro aeroportidan 77-raqam bilan Los-Anjeles tomon uchayotgan, bortida 58 yo‘lovchi va olti nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan Boeing 767 garovga olindi.

Soat 08:46

Boston – Los-Anjeles yo‘nalishida uchishi lozim bo‘lgan, ammo samolyotni egallab olgan terrorchilar tomonidan majburiy tarzda Nyu-York tomon uchirilgan 11-raqam ostida uchayotgan Boeing 767 samolyoti Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazining egizak binosidan biri, shimol tarafdagi osmono‘par binoga kelib urildi.

Soat 09:03

Boston – Los-Anjeles yo‘nalishida uchishi lozim bo‘lgan, ammo terrorchilar tomonidan Nyu-York tomon majburiy tarzda uchirilgan 175-raqam bilan uchayotgan Boeing 767 samolyoti Jahon savdo markazi egizak binosining janub tomondagi ikkinchisiga kelib urildi.

AQSh Federal aviatsiya ma’muriyati Nyu-York aeroporti faoliyatini to‘xtatdi.

Soat 09:45

Vashingtondan 77-raqam bilan Los-Anjeles tomon uchayotgan Boeing 7676 samolyoti AQSh Mudofaa vazirligi binosi — Pentagonga kelib urildi.

Soat 10:05

Jahon savdo markazi egizak binosining biri – janubiysi qulab tushdi.

Soat 10:05

Poytaxt Vashingtonda Oq Uy va boshqa hukumat binolarida faoliyat yurituvchi barcha xodimlar evakuatsiya qilindi.

Soat 10:10

AQSh Mudofa vazirligi ma’muriyati – Pentagonning samolyot kelib urilgan qismi quladi.

Soat 10:10

Nyu-Jersidan San-Fransiskoga 93-raqam bilan parvoz qilayotgan va yo‘lda terrorchilar tomonidan garovga olingan samolyot yo‘lovchilarning terrorchilarga qattiq qarshiligidan so‘ng Pitsburg shahri yaqinida halokatga uchradi.

Soat 10:28

Jahon Savdo markazining egizak binolaridan ikkinchisi, shimoliy tarafdagi osmono‘par bino ham qulab tushdi.

Foto: AP

Yuqorida yozganimday, AQSh 2001-yil 11-sentabr fojialaridan keyin “butun dunyoda terrorizmni yo‘qotish” da’vosi bilan chiqdi va o‘sha yilning o‘zidayoq NATO harbiy blokidagi o‘z ittifoqchilari bilan Afg‘onistonga bostirib kirdi.

2004-yilda esa jahon afkor ommasini “Iroq atom bomba yaratyapti, kimyoviy qurollar yasayapti” deb chalg‘itib, Iroqqa ham bostirib kirdi. Iroqda Saddam Husayn hokimiyati ag‘darilganidan so‘ng ma’lum bo‘ldiki, bu mamlakatda atom bomba yasashga urinish, kimyoviy qurollar ishlab chiqarish uyoqda tursin, hatto tuzukroq oddiy qurol yo‘q ekan.

Umuman olganda, AQSh 11-sentabr fojiasini bahona qilib, bir nechta mamlakatlarni vayronaga aylantirdi.

Shuningdek, ushbu voqea ortidan dunyoda islomofobiya kuchaydi. AQShda yashayotgan musulmonlar har qadamda zo‘ravonlikka duch kela boshladi. Ana shunday holatda AQShning o‘zida ham, G‘arb dunyosining boshqa mamlakatlarida ham ko‘pgina olimlar, jamoat arboblari “terrorizm islom diniga aloqador emas” deb chiqishiga qaramay, birmuncha muddat islomofobiya davom etdi. Bundan esa ko‘plab oddiy musulmonlar jabr chekdi.

Braun universitetidagi Vatson xalqaro va umumiy ishlar bo‘yicha muassasa tadqiqotlariga ko‘ra, 11-sentabr voqeasidan so‘ng AQSh olib borgan urushlar xarajati 5 trillion 900 milliard dollardan oshgan. AQSh boshqa mamlakatlardagi urushlarda 500 ming nafardan ortiq odamni o‘ldirgan.

Agar bunga AQSh boshlagan urushlar oqibatida kelib chiqqan boshboshdoqlik, ocharchilik, vayronagarchilik ortidan halok bo‘lganlar soni qo‘shilsa, bu raqam bir necha million nafarni tashkil etadi.

2018-yilning noyabr oyida tarqatilgan ushbu hisobotda keltirilishicha, 300 mingga yaqin insonlar AQSh fitnalari, urushlari va to‘qnashuvlari oqibatida bevosita nobud bo‘lgan. Yana millionlab insonlar esa urush keltirib chiqargan ocharchilik va notinchlik qurboniga aylangan.

Bunga qo‘shimcha ravishda urushlarda AQSh armiyasining 6 900 nafar harbiylari hamda bu mamlakatning 7 800 harbiy pudratchisi halok bo‘lgan.

11-sentabr voqealari nega ro‘y berdi, uning oldini olish mumkinmidi, AQSh bu voqea ortidan nimalar yutdi-yu, nimalarni yutqazdi, hodisalar haqida ommaga qanchalik to‘g‘ri ma’lumotlar berilgan – hanuzgacha savol ko‘p. Lekin savollarga javob beruvchi hech kim yo‘q.

Bir narsani ta’kidlashni xohlar edim. 11-sentabr voqealari bo‘yicha nafaqat boshqa mamlakatlarda yashaydiganlar, balki AQSh fuqarolari va tadqiqotchilari tomonidan yetarlicha shubha va gumonlar bor.

Xususan, voqeadan besh yil o‘tib amerikalik qator olimlar “11-sentabr hodisalarida asl haqiqat ommadan yashirilyapti” deb bayonot bergan edi.

11-sentabr voqealari haqida “haqiqat yashirilyapti” deb da’vo qiluvchilarning bir qismi bu teraktni dunyoda geosiyosiy muhim hududlarni egallash uchun AQShning o‘zi uyushtirdi deb hisoblaydi.

Egizaklar binolar o‘rnida mana shunday ikkita bir xil memorial tiklangan.
Foto: AP

Masalan, bu fikrni ilgari surayotgan olimlar yetakchisi – Yuta universiteti fizika professori Stiven Jons o‘z vaqtida savdo markazi qoldiqlarini o‘rganib chiqqan va “binoni qulatish uchun portlovchi moslamadan foydalanilgan”, degan xulosaga kelgan edi.

11-sentyabr voqealari haqida haqiqat yashirilgan deb da’vo qiluvchilarning yana bir qismi esa jinoyatni terrorchilar sodir etganiga ishonishini, ammo “AQSh hukumati ham, MRB va FXB ham o‘sha fojianing yuz berishini oldindan bilgan holda, fojiani bahona qilib geosiyosiy va energetik zaxiralar bo‘yicha muhim hududlarni bosib olish uchun terrorchilarga hujum qilish uchun imkoniyat yaratib bergan va qarshilik ko‘rsatmagan” degan da’voni ilgari suradi.

Ammo bunday qarashlar jahon miqyosida tan olinmagan va revizionistik nazariya hisoblanadi. 11-sentabr esa, aybdor kim bo‘lishidan qat’iy nazar, AQSh tarixidagi eng fojiali sahifalardan biri bo‘lib qolaveradi.

Bunday hodisalar boshqa takrorlanmasin. Zero 11-sentabr tovonini millionlab inson o‘z jonlaridan, mollaridan, yurtlaridan, yaqinlaridan ayrilib to‘ladi.

Salomat bo‘linglar! Tinchlik bo‘lsin!

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.