Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligini tashkil etish to‘g‘risidagi Prezident farmoni hamda ushbu agentlik faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida Prezident qarori qabul qilindi.
Farmon bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tashkil etildi.
Quyidagilar agentlikning idoraviy bo‘ysunuviga o‘tkazildi:
- Prezident maktablari;
- ijod maktablari;
- Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati va Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati.
Agentlikka Bosh vazir taqdimnomasiga ko‘ra Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun o‘rnatiladigan davlat ta’lim standartlari agentlik tomonidan tasdiqlanadi.