Londonda 2020-yilning yozida 35 metr balandlikda joylashgan dunyoda birinchi osmon basseyni ochiladi, deb yozmoqda Big Picture.
Chuqurligi 3 metrni tashkil etuvchi rezervuarning uzunligi 25 metr, suv sig‘imi 400 tonna bo‘ladi. U ikkita yangi hashamatli uylarni birlashtirgan holda unda yashovchilarga ikki bino orasida suzish imkonini beradi.
Hozirda bu ajoyib basseyn Koloradodan Britaniya poytaxtiga borishdan avval so‘nggi sinovdan o‘tmoqda.
Rezervuar qalinligi 20 santimetrli shishadan yasalgan bo‘lib, loyiha mualliflarining ta’kidlashicha, unda suzayotgan odam o‘zini osmonda uchayotgandek his qilishi mumkin.
Basseyn 11-qavatda joylashgan va undan qo‘shni bino — qurilish ishlari tugallanish arafasida bo‘lgan, 2020-yilning yanvarida ochish rejalashtirilgan AQSh elchixonasi binosining ajoyib manzarasi ko‘rinadi.
Nayn Elms tumanining yangi The Embassy Gardens kompleksi binolarida 2000 ta kvartira mavjud. Ularning narxi hashamatli pentxaus uchun 600 ming funt (7 milliard so‘m)dan boshlanib, 5 million funt (58 milliard so‘m)gacha boradi.
Zamonaviy binolarda istiqomat qiluvchilar uchun ular ko‘ngli tusagan barcha sharoit: o‘ta zamonaviy qulayliklar, kinozallar va boshqa ko‘ngilxushliklar bor. Sky Deck basseynli kompleksda spa, yozgi bar va ko‘ngil yozish uchun gullarga to‘la xonalar bo‘ladi.
Qurilish ishlarini 2019-yilning oxiriga qadar yakunlash rejalashtirilgan. Qush balandligida suzish mumkin bo‘lgan ushbu basseyn Londonning yana bir diqqatga sazovor joyiga aylanadi.
Izoh (0)