Toshkentga Belarusning “Belkommunmash” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan elektrobus olib kelindi. Bu haqda Telegram’dagi “Exo Uzbekistana” kanalida fotoxabar qoldirilgan.

Foto: Telegram / @ExoUzbekistana

Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va “Belkommunmash” rahbari Vladimir Korol o‘rtasida 2018-yil sentabrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakuniga ko‘ra, Belarus elektrobuslaridan birini Toshkentda sinab ko‘rish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi.

Foto: Telegram / @ExoUzbekistana

Sinov muvaffaqiyatli chiqsa, tomonlar muzokaralarni kengaytirilgan tarkibda davom ettirishi ta’kidlangan edi. 2019-yilning iyun oyida esa Toshkentda elektrobuslar uchun zarur infratuzilmani tayyorlash ishlari olib borilayotgani ma’lum bo‘lgan edi.

Avvalroq, 2018-yil sentabrida “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi rahbariyati “yaqin bir-bir yarim yil davomida” 10—15 ta elektrobusni yo‘nalishlarga chiqarishni ko‘zda tutuvchi loyiha ustida ish olib borilishini ma’lum qilgan edi.

Qayd etish joiz, Toshkent 2010-yillar boshiga qadar elektr transporti taraqqiy etgan zamonaviy shaharlardan biri edi. O‘zbekiston poytaxtida dastlab 2010-yilda trolleybuslar qatnovi tugatilgach, so‘ng 2016-yili bir asrdan ziyodroq tarixga ega tramvay faoliyatiga barham berilgan edi.

Ma’lumot uchun, Toshkent yo‘llarida 2018-yili Belarusning boshqa ishlab chiqaruvchisi — “MAZ”ning o‘rta va katta sig‘imli avtobuslari sinovdan o‘tkazilgan edi. Bu avtobuslar gazda harakatlanar edi.