15-avgust, payshanba kuni poytaxtning Amir Temur ko‘chasida 93-yo‘nalishda qatnovchi MAN rusumli avtobus hamda Lacetti rusumli yengil avtomobil o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Baxtsiz hodisa tufayli shikastlanganlar yo‘q, deb xabar beradi “Toshshahartransxizmat” AJ matbuot xizmati.

Foto: “Toshshahartransxizmat” AJ

Ma’lum bo‘lishicha yengil avtomobil o‘ngga burilish huquqini beruvchi yo‘l beligisiga to‘liq amal qilmagan. Ya’ni, chap tarafdan kelayotgan transport vositalarini o‘tkazib yubormay o‘ngga burilgan va avtobusga urilgan va svetofor ustuniga ham zarar yetkazgan.

Afsuski, so‘nggi vaqtlarda yo‘llarda transport vositalarining ko‘payib borishi natijasida bunday baxtsiz hodisalar tez-tez uchrab turibdi. Buning natijasida aybsiz kimsalarning jabrlanayotgani, ayniqsa, achinarlidir, deyiladi xabarda.

Aksariyat hollarda yengil avtomobil egalarining yo‘l qoidalariga to‘liq amal qilmasligi, jamoat transportlariga imtiyoz bermay harakatlanishlari natijasida xunuk voqealar yuz bermoqda.

“Toshshahartransxizmat” haydovchi va yo‘lovchilardan yo‘llarda harakatlanganda jamoat transportlariga imtiyoz berishni, ularning erkin qatnoviga xalaqit qilmaslikni so‘rab qoladi.