20-iyul kuni soat 21:50 da Buxoro viloyatining Shofirkon tumani hududidan o‘tgan “Gazli—Chimkent” magistral gaz quvurining 76-kilometrida avariya yuz berdi. Oqibatda, “O‘ztransgaz”ning rasmiy axborotida ta’kidlanishicha, alangalanish yuz bergan.

Foto: Telegram

Hozirgi vaqtda olov xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar va tegishli xizmatlar kuchi bilan qurshab olingan. Halok bo‘lganlar va tan jarohati olganlar yo‘q. Xabarda qayd etilishicha, avariya-qayta tiklash ishlari olib borilmoqda. Davlat yong‘in xavfsizligi xizmatidan bildirishlaricha, yong‘inni o‘chirishda to‘rtta o‘t o‘chirish ekipaji qatnashmoqda.

“Gazeta.uz”ning “O‘ztransgaz”ga asoslanib qo‘shimcha qilishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra gaz quvurining payvand choki ochilib ketgan, gaz sizib chiqqan, keyinchalik metallar ishqalanishidan alangalanish kelib chiqqan.

Avariya-qayta tiklash ishlari vaqtida gaz uzatish to‘xtatilgan. Gaz transportirovkasini 23-iyuldan qayta tiklash rejalashtirilgan. “O‘ztransgaz”ning alohida qayd etishicha, magistral gaz quvuri bo‘ylab gaz ta’minotining vaqtincha to‘xtatilishi iste’molchilarga ta’sir qilmaydi.